Ermitajda o‘zbek xalqi va davlatchiligitarixiga oid madaniy yodgorliklar ko‘p
Samarqand shahrida Butunjahon Sankt-Peterburgliklar klubining 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Madaniy-ma’rifiy tadbirda ikki mamlakat muzeyshunoslari, kutubxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
An’anaga ko‘ra, yig‘ilishni Rossiyaning Ermitaj muzeyi direktori va klub raisi Mixail Piotrovskiy onlayn chiqishi bilan ochib berdi hamda tadbir ishtirokchilarini tabrikladi.
Butunjahon Sankt-Peterburgliklar klubi 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, klub faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri dunyo bo‘ylab tarixiy merosni saqlash va ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iborat.
- Bugungi tadbir ayni shu jihatga qaratilganligi bilan ahamiyatli, - deydi Ermitaj davlat muzeyi yetakchi ilmiy xodimi Galina Radionova. – Ushbu ikki shahar madaniyati, inson tamadduniga qo‘shgan hissasi bilan tarixan o‘xshash madaniy markazlar hisoblanadi. Bu hamkorlik yuz yilga yaqin muddatni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi jahon urushi davrida – 1942-1943 yillarda Sankt-Peterburg Badiiy akademiyasi Samarqandga ko‘chirilgan. Bugungi tadbir ushbu tarixiy kunning 80 yilligi munosabati bilan shu ko‘hna kentda bo‘lib o‘tyapti. Hozir ham Ermitaj muzeyi Samarqand arxeologiya instituti bilan turli loyihalarda hamkorlik qilmoqda. Ta’kidlash joizki, muzeyimizda o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixiga oid juda ko‘p madaniy yodgorliklar saqlanyapti. Shu jihatdan Sankt-Peterburg O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etishda katta ahamiyatga ega.
Tadbir qatnashchilari hamda klub a’zolari Samarqandda madaniy merosni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etdi. Bundan keyin ham ushbu sohada hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufidagi 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha Sankt-Peterburg shahridagi Prezident kutubxonasi hamda Mayakovskiy nomidagi shahar kutubxonasi bilan imzolangan memorandum bo‘yicha ish-reja belgilab olindi.
- Memorandum joriy yil 15-18 iyun kunlari Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan XXV Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida imzolangan edi, - deydi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbari Umida Teshaboyeva. - Har bir kutubxona bilan maqsadlar, amalga oshirish mexanizmlari va belgilangan vazifalarni amalga oshirish muddatlariga aniqlik kiritgan holda o‘zaro hamkorlikning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga qaror qildik.
Tadbir ishtirokchilari klub, uning xalqaro faoliyati va Samarqandga oid o‘rni haqida so‘zladi hamda klub tomonidan nashr etilgan kitoblar sovg‘a qilindi.
Sulaymon Mardiyev,
Jasur Shukurov (surat).