Olis qishloqdagi to‘garak va sun’iy intellekt yoxud farzandiga yordam berolmayotgan onalar
Avtobekatlardan birida, yonimda o‘tirgan ikki ayolning suhbatini eshitib qoldim.
- Uchinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning matematika kitobidagi masalalar shunchalar qiyinki, uyga vazifasini bajarishda mendan yordam so‘raganda ayrim masalalarni yechishga qiynalaman.
- Ha, nimasini aytasiz, men o‘quvchilik davrimda maktabda matematikadan yaxshi o‘qigan bo‘lsam ham, hozirgi masalalarni yechishga aqlim yetmay qoladi ba’zan.
- Dugonajon, yaxshiyam “ChatGPT” bor. O‘g‘lim o‘shanda masala yechishni o‘rganib olgandan beri qulog‘im tinchidi.
Ayolning gaplari jahlimni chiqardi. Endigina suhbatiga qo‘shilmoqchi edim, ular kutgan avtobus kelib qolgani uchun o‘rnidan turib jo‘nab qoldi.
To‘g‘ri, boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan bolalar uchun chop etilgan kitoblardagi masalalar, ayrim yuqori sinf o‘quvchilariniki bilan qiyoslaganda ancha murakkab. Ammo bolalarning sun’iy intellektdan foydalanishi...
Yaxshiyam biz olis qishloqda yashaymiz. Boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan bolalarimiz sun’iy intellekt nimaligini bilishmaydi, katta bo‘lguncha bilishmasin ham. Shu xayollar bilan men ham o‘zim kutgan avtobusga chiqdim.
Bu voqea bundan ikki yil avval, talabalik davrimda sodir bo‘lgandi.
***
Hozirgi kunda ta’lim tizimidagi murakkabliklar va texnologiyalarning jadal rivojlanishi yosh avlodni tarbiyalashda yangi uslub va yondashuvlarni talab qilmoqda. Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lish orzusida oliy o‘quv yurtida tahsil oldim. O‘zim tanlagan kasb mas’uliyatini his qilgan holda ularning kelajagi haqida chuqur o‘ylashga majburman.
Hozirda oilaviy sharoitlar tufayli, yosh bolalarim borligi sabab maktabda ishlamayapman. Olgan bilimlarim esimdan chiqmasligi, tajriba orttirish va yangi darsliklardan, yangiliklardan xabardor bo‘lib turish maqsadida o‘zim yashaydigan tog‘lar orasidagi qishloqda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun matematika fanidan qo‘shimcha to‘garak tashkil qilganman. U yerda mening darslarimni intizorlik bilan kutadigan bolalar bor. Ular o‘zlari yashab turgan qishloq sharoitiga qaramay, bilimga intiladigan, izlanuvchan va intizomli o‘g‘il-qizlardir. Ammo...
Dars vaqtida men ularga imkon boricha murakkabroq misollar va masalalarni o‘rgataman. Mashqda qanchalik qiynalsang, jangda shunchalik oson bo‘ladi, degan gap bor.
Bir kuni to‘garakdagi o‘quvchilarimga uyga beriladigan vazifalarni, masalalar yechish usullarini bir necha marta tushuntirib o‘tdim. Dars yakunlangach, “tushunarlimi?” deb so‘radim, ular “ha” dedi va uylariga kuzatdim. Keyingi darsni dehqon o‘zi ekkan urug‘ning unib chiqishini intizorlik bilan kutgandek qarshi oldim.
Ammo bu darsda katta asabiylik va qayg‘u bilan ko‘rdimki, ularning barchasi topshiriqni bir xil qilib “ko‘chirib” kelishgan. Masalaning yechimi men o‘rgatgan uslubdan mutlaqo farq qilardi, bu esa ularning sun’iy intellekt yordamida topshiriqni bajarganligini yaqqol ko‘rsatib turardi.
Shu payt shahardagi voqea yodimga tushib, ikki hissa asabiylashdim. O‘quvchilarimga yuzlanib, kim sun’iy intellektdan foydalanganligini bilib turganimni, agar tan olmasa “2” baho qo‘yib, ota-onasini chaqirtirishimni aytdim. Bolalar birin-ketin o‘z xatolarini tan olishga majbur bo‘lishdi.
Ham mening, ham ularning vaqti bekorga ketyapti. Achinarlisi, ota-onalarning qiynalib, peshona teri bilan topgan pullari farzandlar ta’limiga samarali sarflanmayapti. Bu mening yuragimni og‘ritdi.
Dunyoda haydovchisiz mashinalar ishlab chiqilayotgan, axborot texnologiyalari taraqqiy etgan bir davrda bolalarimizni mustaqil ravishda o‘rganishga tayyorlashimiz juda muhim. Agar ular sun’iy intellektga bog‘lanib qolsa, kelajakda avlodimizdan buyuk olimlar va mutaxassislar yetishib chiqarmidi?! Ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish uchun harakat qilishimiz kerak emasmi?!
Har bir ota-ona farzandining qanday ta’lim olayotganini, nimalar bilan shug‘ullanayotganini uyda nazorat qilishi, o‘qituvchilar bilan hamkorlikda ishlashi kerak. Shundagina yosh avlod ilm va ma’rifatga intilib, jamiyatimizning buyuk kelajagini qurishga hissa qo‘shadi.
Ularni o‘z qo‘limiz bilan yot g‘oyalarga, ko‘r-ko‘ronalikka va internet tarmoqlariga topshirib qo‘ymaylik.
Zahro Ibragimova,
Navoiy viloyati, Nurota tumani.