Kutubxonalarda kitob ko‘p, kitobxon-chi?
Kitobxonlik madaniyati qay holatda shakllanyapti? Kutubxonalardagi mavjud kitoblarning saqlanish jarayoni qanday? Kitobxonlar sonini oshirish uchun nima ishlar qilinyapti?
Shu kabi savollarga javob olish maqsadida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, Toyloq hamda Jomboy tumanidagi axborot-kutubxona markazlariga press-tur uyushtirildi.
Dastlab, jurnalist va blogerlar viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib, kutubxona tarixi, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar, saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, nodir adabiyotlarni ko‘zdan kechirdi.
- Bugungi kunda axborot-kutubxona markazimiz O‘zbekistonda yetakchi kutubxonalardan biri hisoblanadi, - deydi markaz direktori Zebiniso Shodiyeva. - AKMda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatuvchi 14 ta tarkibiy bo‘lim faoliyat yuritadi. Kutubxonamiz dunyodagi 40 dan ortiq tilda va turli axborot tashuvchilardagi 645 014 ming nusxa universal jamg‘armaga ega. Kelgusida o‘zimizdagi mavjud XV-XVI asrga oid nodir qo‘lyozmalarimizni turli tillarga tarjima qilish bo‘yicha hamkorlikka erishyapmiz. Bu o‘z navbatida tariximizni yangitdan o‘rganish imkonini beradi. Albatta, buning uchun xalqaro tajribalarni ham o‘zlashtiryapmiz. Bu kabi ishlarimiz tumanlardagi kutubxona markazlarimizda ham davom etyapti.
Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Toyloq tumanidagi axborot-kutubxona markazi bo‘ldi. Zamonaviy qiyofaga ega bu ziyo maskanida kitobxon yoshlardan tortib, keksa otaxon va onaxonlarni hamda tuman mutasaddilarini uchratdik. Bizga tuman hokimining o‘rinbosari Jahongir Haqberdiyev hamrohlik qildi va kutubxona haqida, uni rivojlantirish borasida rejalarini aytdi. Birgalikda binoda yaratilgan shart-sharoitlar hamda saqlov xonalari, o‘quv zallarini ko‘zdan kechirdik.
Tuman axborot-kutubxona markazining binosi 2021 yil rekonstruksiya qilinib, tuman ahliga xizmat ko‘rsatish uchun topshirilgani, markaz faoliyatini 8343 nusxadagi adabiyotlar bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda 12369 nomda 17574 nusxa kitob fondiga ega bo‘lgani aytildi. Axborot-kutubxona markazi 2020 yilda 1865 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023 yilga kelib, 8184 nafarga yetgan.
Ishtirokchilarning keyingi manzili Jomboy tumani axborot-kutubxona markazi bo‘ldi. Bu yerda kutubxona va “Jomboy tongi” gazetasi tahririyatining bir joyda faoliyat ko‘rsatayotgani ma’naviyatga va ilmga berilgan baho.
Biz bu yerda Jomboy tumani ijodkorlarining “Umid” to‘garagi a’zolari jam bo‘lganligini ko‘rdik. Quvonarlisi, tuman hokimi Qayum Sobirov ham to‘garak a’zosi ekan va a’zolar bilan uchrashuvda bahri-baytlar, she’rxonlik va jonli ijroda kuy-qo‘shiqlarni birga kuyladi.
Shundan so‘ng, axborot-kutubxona markazi binosi 2023 yilda 1,2 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan qurib, foydalanishga topshirilgani, 13 nafar xodim faoliyat olib borayotgani to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Muassasaning kitob fondi 17 187 nusxani tashkil etadi. Ziyo maskanida bugungi kunda kitobxonlar soni 5505 nafarga yetgan. Shundan 3355 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar hisoblanadi.
Press-tur davomida 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, viloyat, shaharlar va tumanlar markazlarida axborot-kutubxona markazlari tashkil qilinishi va ayni paytda viloyatning shahar va tuman markazlarida 16 ta axborot-kutubxona markazi faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi.
Shundan viloyat, Kattaqo‘rg‘on shahar, Urgut, Toyloq, Ishtixon, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy tumanlari axborot-kutubxona markazi uchun alohida bino ajratilganligi, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgani aytib o‘tildi. Nurobod, Oqdaryo, Payariq tumanlari axborot-kutubxona markazlariga ham bino ajratilgan bo‘lib, kitobxonlar uchun shart-sharoit yaratilayotgani ham ma’lumot o‘rnida ta’kidlandi.
Ayni paytda o‘z binosiga ega bo‘lmagan Bulung‘ur, Samarqand, Qo‘shrabot, Past Darg‘om, Narpay tuman axborot-kutubxona markazlari vaqtincha boshqa binolarda faoliyat olib borayotgan ekan. Bu kutubxona maskanlari uchun ham 2024 yil davomida zamonaviy bino qurish rejalashtirilgan.
Husan ELTOYeV.