Binosi bo‘lmagan kutubxona kim uchun faoliyat ko‘rsatyapti?

Bugun axborot-kutubxona markazlari faoliyatini yanada rivojlantirish, ulardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Afsuski, hamma joyda ham bu boradagi ishlar ko‘ngildagidek tashkil etilgan, deya olmaymiz.

Partiya viloyat kengashi faollari va deputatlari tomonidan Samarqand tumanidagi axborot-kutubxona markazi faoliyatini o‘rganish davomida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.

Axborot-kutubxona markazi tuman hokimligiga qarashli "Yoshlar kutubxonasi" binosining bitta xonasida faoliyat ko‘rsatmoqda. To‘g‘ri, kutubxonada 13 nafar xodim ishlaydi, shundan 6 nafari oliy ma’lumotli, 3 nafari tugallanmagan oliy, 4 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlar. Kutubxonada xodimlar shtat jadvali yetarli, mehnatga haq to‘lash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo...

2019 yil 7 iyunda Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida" qarori chiqqan. Davlat rahbari imzolagan hujjatda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining asosiy vazifalari belgilangan.

Xususan:

- aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish uchun sifat jihatidan yangi va qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ularning ilmiy, ta’lim, axborot va madaniy ehtiyojlarini qondirish;

- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, mustaqil ta’lim olish va muloqot doirasini kengaytirish vositasi sifatida axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;

- foydalanuvchilarga har qanday (bosma, multimedia va raqamli) tashuvchilarda, shu jumladan, internet tarmog‘ida sifatli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish;

- o‘z axborot-resurslarini yaratish va ularni sifatli to‘ldirib borish orqali kitobxonlarga an’anaviy xizmat ko‘rsatish usulidan ularni zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlari bilan ta’minlashga o‘tish;

- aholiga axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha masofadan xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish va modernizatsiya qilish.

Afsuski, o‘z binosiga ega bo‘lmagan kutubxonadan bunday yangiliklar haqida so‘rashning o‘zi ortiqcha. Qolaversa, Prezident qarorida tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirishdan tashqari, ularni kompyuter texnikasi va boshqa turdagi orgtexnika, mebel, shu jumladan, maxsus mebel, shuningdek, tegishli kutubxona uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha talablarni ishlab chiqish, bunda imkoniyati cheklangan shaxslarga xizmat ko‘rsatish uchun o‘quv zallarini maxsus kompyuter jihozlari va boshqa qo‘shimcha vositalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish topshirilgan.

Savol tug‘iladi, qaror ijrosi nega ta’minlanmagan? 13 nafar xodimga to‘lanayotgan oylik mablag‘lar behuda sarf bo‘lmayaptimi?

Biz kutubxona shtat birliklari tarafdori emasmiz, albatta. Shu bois masala yuzasidan partiya deputatlik guruhning tegishli qarori qabul qilinadi. Ammo o‘ylaymizki, mas’ullar yana topshiriq bo‘lishini kutmasdan, bu haqda tegishli choralarni ko‘radi.

Ozoda Norimova,

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi xodimi.