Islom Karimov nomidagi kutubxona ochildi

Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi kutubxonaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda yozuvchi va shoirlar, ilm-fan arboblari, vazirlik va idoralar, nodavlat, notijorat tashkilotlar xodimlari, poytaxtimizdagi kutubxonalarning yetakchi mutaxassislari, yurtimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tatyana Akbarovna mazkur kutubxona Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Prezident xotirasiga nisbatan hurmati va e’tiborining yorqin namunasi ekanligini alohida ta’kidlab, Islom Karimov boshlab bergan yo‘lda sobitqadam bo‘lib, Yangi O‘zbekiston tarixini yaratish, mamlakatimizning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimizga, xususan, respublika kutubxonachilariga muvaffaqiyat tiladi. Birinchi Prezident Islom Karimov nomidagi kutubxonaning ochilishi bilan barchani samimiy muborakbod etdi.

So‘zga chiqqanlar mazkur kutubxona Mustaqillik asoschisi, zamonamizning yetuk siyosatchisi, buyuk davlat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni – Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ma’naviy merosini o‘rganish, bu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borish uchun ma’lumotlarga boy ma’rifat xazinasi bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdilar. Buyuk tariximiz, benazir ma’naviy merosimiz, ulug‘ ajdodlarimiz, xususan mana shu bebaho ne’matlarni xalqimizga in’om etgan o‘z yurtining chinakam vatanparvari, o‘z xalqining sodiq farzandi Islom Karimovga bag‘ishlangan videofilm tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.