Islom Karimov tug‘ilib, o‘sgan xonadon yurtdoshlarimizning tabarruk ziyoratgohiga aylangan

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tug‘ilgan kun.

Ulug‘ yo‘lboshchimiz dunyoga kelgan 1938 yil – mafkuraviy kurashlar avj olgan davrda bu buyuk insonga Islom deb ism qo‘yishning o‘zi ulkan jasorat bo‘lgan. Chunki qatag‘on ayni avj pallasiga kirgan yillarda Islom dini haqida gapirishning o‘zi kishi boshiga xavf-xatar solishi hech gap emas edi.

Ma’lumotlarda yozilishicha, o‘sha yili viloyatimiz bo‘yicha 1694 nafar o‘g‘il bola tug‘ilgan va faqat bittasining ismi Islom bo‘lgan ekan. Bu – sakkiz farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan, yuksak tarbiya bergan Abdug‘ani aka va Sanobar onalarning qanchalik jasorat sohibi ekanliklaridan darak.

Bugun Islom Karimov tug‘ilib, voyaga yetgan Samarqand shahar Dahbedi mahallasidagi ana shu tabarruk xonadon barcha uchun qadrli maskan. Bu yerdan hamon yurtimizning turli burchaklaridan kelayotgan odamlarning qadami uzilmaydi. Bu xalqimizning Birinchi Prezidentimizni sevganidan, ota kabi e’zozlaganidan dalolat.

Zero, Islom Karimov o‘zbek xalqini ozod, O‘zbekiston davlatini mustaqil qildi. Eng muhimi, nafaqat yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamladi, balki mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirdi. Samarqandliklar shunday buyuk inson bilan bir maskanda yashaganidan doim faxrlanadi.