Buyuk allomaga yuksak ehtirom (“Zarafshon” gazetasi, 1998 yil, 27 oktyabr, 130-son)

Samarqandda islom olamining buyuk mutafakkiri, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Qadim Samarqandga jahonning qirqqa yaqin mamlakatidan, YuNESKO, “Al-Babtiy” jamg‘armasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlaridan mehmonlar tashrif buyurdi.

“Afrosiyob” mehmonxonasining majlislar zalida “Imom Buxoriy va uning dunyo madaniyatida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Notiqlar allomaning hayoti va faoliyati, u qoldirgan ilmiy merosning ahamiyati haqida so‘zladi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar sho‘’balarga bo‘linib, ilmiy muloqotlarni davom ettirdilar. Sho‘’ba majlislarida “Imom Buxoriy zamoni”, “Imom Buxoriyning hadisshunoslik ilmiga qo‘shgan hissasi”, “Imom Buxoriy ilmiy merosining xalqaro miqyosda o‘rganilishi” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi, bahs va munozaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov buyuk hadisshunos olim Imom Buxoriy tavalludining 1225 yillik yubileyi tantanalarida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurdi.

Yurtboshimiz Imom Buxoriy majmui joylashgan Chelak tumanidagi Xartang qishlog‘iga yo‘l oldi. Bu yerda darvoza peshtoqiga “Bu yodgorlik majmui Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor qozongan ulug‘ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni buyuk alloma Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida yaratilgan loyiha asosida Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Shahrisabz xalq ustalarining oltin qo‘llari bilan barpo etilgan” degan so‘zlar arab va lotin alifbolarida zarhal harflar bilan bitilgan.

Imom Buxoriy maqbarasi majmuining ochilish marosimida Samarqand viloyati imom-xatibi M.Melikzoda so‘zni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga berdi.

Respublika rahbari o‘z nutqida hadis ilmining sultoni, islom dunyosida beixtiyor daho – imom Ismoil Buxoriy yubileyi munosabati bilan barpo etilgan bu yodgorlik olamshumul voqea bo‘lganligini ta’kidladi. Kelajakda esa bu makon islom ahli uchun muqaddas qadamjo va g‘oyat go‘zal ziyoratgohlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Toshkentga jo‘nab ketdi.

Suratlarni O‘zA muxbiri T.Norqulov “Zarafshon” uchun olgan.