Samarqandning aziz farzandi

Bugun, 30 yanvar – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud kuni.

Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida mamlakatimiz nomini dunyoga tanitgan, uning taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilgan inson edi. U o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan xalqimiz qalbidan munosib o‘rin olgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana har yili yurtimizda keng nishonlanmoqda.
Bugun ushbu sana munosabati bilan Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan va mangu orom topgan Samarqand shahrida ham bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va jamoatchilik vakillari ishtirokida shahardagi Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qilish bilan boshlandi.

Shundan so‘ng Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Xalqimizning ardoqli farzandi hayoti, ibratli ishlari yodga olindi.

Viloyatdagi ta’lim muassasalari, madaniyat maskanlari va boshqa tashkilotlarda ham O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining hayoti va serqirra faoliyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlar, fotoko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda.