Buyuk odamlar o‘lmaydi

2016 yil yoz oyining oxirgi kunlari. Odamlar ko‘zida quvonch, ko‘chalarda bayram shukuhi hukm surar edi. O‘sha yili Braziliyada o‘tkazilgan olimpiadada bokschilar yaxshi natija ko‘rsatishgan. Ularni Prezident qabul qiladi, degan iliq gaplar bor edi.

Kutilmaganda vaziyat boshqacha tus oldi. Yurtimiz otasi kasallik tufayli shifoxonaga tushdi. Qari-yosh Yurtboshiga shifo tilab duo qilishar. Ammo 2 sentyabr oqshomi mamlakat prezidenti vafot etganligi e’lon qilindi. Bunga odamlarning ishongisi kelmas, xabarni yolg‘on bo‘lib chiqishini istashardi. Afsuski...

O‘sha kuni Toshkentda edim. Shaharlardagi manzara hamon ko‘z oldimda gavdalanaveradi: poytaxt ko‘chalariga odam sig‘maydi. Hammaning ko‘zi armon yoshlari bilan to‘la edi. Islom ota mangu uyquga ketgan, xalq prezidentini so‘nggi marta ko‘rish, so‘nggi manzilga kuzatishga chiqqan edi.

So‘ngra televizorda ko‘rdim: necha asrlardan beri ko‘p kunlarni ko‘rgan, har xil voqealarga guvoh bo‘lgan Registon 26 yil deganda ilk marta ko‘z yosh to‘kdi. Tumonat odam yig‘ildi - 3 sentyabr kuni Islom Karimovning janozasi shu tabarruk maskanda o‘qildi.

Xalq uchun yashash tug‘ilganida taqdiriga bitilgan edi chog‘i Islom Karimov doim xalqi, yurtini o‘ylab yashadi. Xalq uchun o‘zini unutdi. Donishmandlar “Buyuk odamlar o‘lmaydi”, deyishadi. Islom otamiz qalbimizda, yuragimizda abadiy yashaydi.

Millionlab yurtdoshlarimiz qalbidan joy olgan Birinchi Prezidentimiz Samarqand shahridagi tabarruk joy - Hazrati Xizr majmuasida mangu qo‘nim topdi. Yurtboshimiz qabrini ziyorat qilish uchun har kuni minglab odamlar bu yerga tashrif buyuradi. Qaysi vaqt bo‘lishidan qat’iy nazar odamlarning qadami uzilgani yo‘q. Islom Karimovning xalq uchun chekkan zahmati, qilgan mehnatlari zoye ketgani yo‘q.

Munisa Shamsiyeva.