Asriy orzular ro‘yobi Islom Karimov tomonidan amalga oshirilgan edi
O‘tgan asrning 30-40 yillarida sobiq SSSR bo‘ylab jabr-sitam avjiga mindi. 1937-1938 yillarda «Milliy operatsiyalar» natijasida yurtimizda 335 mingdan ortiq kishi qatag‘on qilindi.
1930-1940 yillarda chet elda o‘qiganlar keyinchalik «xalq dushmani» sifatida qatag‘onga uchragan. Eng achinarlisi, ularning aksariyati o‘zlari bilmagan holda «josuslar»ga aylangan. Misol uchun, nemis o‘qituvchilari Berlinda ta’lim olayotgan talabalarga O‘zbekiston haqida, uning tog‘lari, daryolari, ishlab chiqarish, tabiiy boyliklari va boshqalar haqida insho yozishni vazifa qilib bergan. Xayollarida hech bir yomonlik bo‘lmagan talabalar topshiriqni bajargan. Bu orqali vaqt va mablag‘ sarf qilmay O‘zbekiston haqida zarur ma’lumotlar olinib, urush rejasiga kiritilgan. Nemis fashistlarining urushning dastlabki kunlaridagi rejasida Amudaryo va Sirdaryodagi ko‘priklarni, mavjud suv omborlarini portlatish, hatto Buxoroning sobiq amiri Olimxonning yashirilgan xazinasini izlab topish ham bo‘lganini ko‘pchilik bilmasligi tayin.
Ikkinchi jahon urushida fashistlar tor-mor etildi. Ammo Stalin boshliq SSSR hukumati ittifoq tarkibida bo‘lgan respublikalar aholisini turli yo‘llar bilan qatag‘on qildi. «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1948 yil 7 dekabr sonida O‘zbekiston SSR Prokuraturasining xabarida “... Samarqand oblast Paxtakor rayonidagi Dzerjinskiy nomli kolxozning brigada boshlig‘i Eshbo‘ta Norbo‘tayev ko‘saklari ochilgan bir yarim gektar paxta maydoniga suv quyib yuborgan. Oqibatda 125 kilogramm paxta chirigan. Norbo‘tayev 2 yil ozodlikdan mahrum etishga hukm qilindi...» deyilgan.
Qadri shu 120 kilogramm paxtachalik turmaydigan odamlarning ko‘pi yaqinda janglardan qaytgan, ana shu hukumatni, u qamalayotgan yurtni, qamayotgan odamlarni deb umrida qilmagan ishni qilgan – odamlarni o‘ldirgan, o‘q yegan...
1980 yillarda sobiq markaz tomonidan o‘zbek xalqiga nisbatan ommaviy qatag‘onlarning yangi bosqichi boshlandi. «Paxta ishi» deb o‘zbek xalqi nomiga turli tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirib, ming-minglab begunoh insonlar jazoga tortildi. Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov boshliq tergovchilar zulm va zo‘ravonlikni shu darajaga yetkazdiki, asossiz jinoiy javobgarlikka tortilganlarga soxta aybnomalar va bo‘htonlarni tan oldirish uchun ularning oila a’zolarini, qarindoshlarini, hamkasblarini qiynoqqa solishdi. Bu ham oshkoralikni bo‘g‘ishning bir ko‘rinishi bo‘lib, xalqimizni ruhan bo‘ysundirishga qaratilgan edi.
1989 yilda Islom Karimov respublika rahbari bo‘lgach, u kishining qat’iy irodasi, matonati bilan mustabid tuzumning siyosiy nayranglari fosh etilib, begunoh ayblangan yurtdoshlarimiz oqlandi. Ularning huquq va erkinliklari tiklandi.
Respublikamiz mustaqillikkacha bosib o‘tgan yo‘l, bu yo‘ldagi urinishlar, qarshiliklar haqida ko‘p yozish mumkin. Biz ularning ayrimlari haqida to‘xtaldik, xolos.
Bugun taraqqiyot yo‘lida dadil ilgarilab borayotgan mamlakatimiz barcha sohalarda katta yutuqlarga erishyapti. Bunda esa biz tanimagan, lekin istiqlol yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni unutmasligimiz kerak. Asriy orzularimiz ro‘yobida ulkan ishni amalga oshirgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi esa doimo qalbimizda bo‘ladi.
Izzatulla Norquvvatov,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.