Bu rekordlarni hech kim ortda qoldira olmagan

1955 yildan buyon “Ginnesning rekordlar kitobi” o‘zining yillik nashrlarida ko‘plab jasoratli ishlar, yutuqlar va jahon rekordlarini qayd etib, tizimlashtirib kelmoqda. Garchi ko‘plab rekordlar qayd etilgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati vaqt o‘tishi bilan yangilangan - ba’zilari esa hatto bir necha bor ortda qoldirilgan.

Shunday rekordlar ham borki, hanuzgacha yangilanmagan. Garchi kelajakda ularni ortda qoldirish ehtimoli mavjud bo‘lsa-da, hozirga qadar o‘rnatilgan paytidan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

Dunyodagi eng baland bo‘yli erkak va ayol

Gigant deb hisoblanadigan insonlar ko‘p, lekin ular orasida faqat bir kishi rasman dunyodagi eng baland bo‘yli inson sifatida tan olingan. Tibbiy jihatdan tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha bo‘yli ota-onadan tug‘ilgan va tug‘ilganida 3,95 kilogramm vaznga ega bo‘lgan Robert Uodlou tarixdagi eng baland bo‘yli inson hisoblanadi. Uning bo‘yi 2,72 metrga yetgan va u boshqalardan yaqqol ajralib turgan.

Afsuski, Robert Uodlou bor-yo‘g‘i 22 yil umr ko‘rgan.

Tarixdagi eng baland bo‘yli ayol esa Xitoyning Xenan provinsiyasidagi Yuszyan qishlog‘ida yashagan Szen Szinlyan edi. U 1982 yilda, 17 yoshida vafot etganida uning bo‘yi 2,46 metrni tashkil etgan.

Szen Szinlyan to‘rt oyligidan g‘ayritabiiy darajada tez o‘sishni boshlagan. To‘rt yoshga to‘lganida uning bo‘yi 1,56 metrga, o‘n uch yoshida esa 2,17 metrga yetgan.

Ushbu rekord “Ginnesning rekordlar kitobi”  tomonidan “Tarixdagi eng baland bo‘yli ayol” sifatida qayd etilgan. Biroq ro‘yxatga olish vaqtida “Eng baland bo‘yli tirik ayol” unvoni undan pastroq bo‘yli boshqa bir ayolga nasib etgan.

Dunyodagi eng katta ofis binosi

“Dunyodagi eng katta ofis binosi” deganda, ko‘pincha osmonga bo‘y cho‘zgan osmono‘par bino tasavvur qilinadi. Lekin bu yerda gap binoning balandligi haqida emas. Asosiy ko‘rsatkich - ofis maydoni va xodimlar sig‘imi hisobga olingan umumiy maydon hajmidir.

1955 yilda rekord o‘rnatgan va hozirgacha bu maqomni saqlab kelayotgan bino - Vashingtondagi Pentagon. Uning umumiy maydoni 613 000 kvadrat metrdan oshadi. Umumiy maydonning 343 000 kvadrat metrdan ortiq qismini yer ustidagi besh va yer ostidagi ikki qavatda joylashgan ofis xonalari tashkil etadi.

Pentagonning umumiy maydoni Nyu-Yorkdagi mashhur “Empayr-steyt-bilding” maydonidan uch baravar kattaroq bo‘lib, uning yo‘laklari umumiy hisobda 28 kilometrgacha cho‘zilgan.

Xodimlar soniga kelsak, Pentagonda bir vaqtning o‘zida 31 000 dan ortiq kishi faoliyat yuritgan.

Dunyodagi eng og‘ir vaznli inson

Jon Brauer Minnok 635 kilogramm vazn bilan tarixdagi eng og‘ir inson rekordini o‘rnatgan.

Minnok hech qachon ozg‘in bo‘lmagan. 12 yoshida u 133 kilogramm vaznga ega bo‘lgan, 22 yoshga kelib esa uning bo‘yi 1,85 metr, vazni 230 kilogrammni tashkil etgan.

Sog‘lig‘ining yomonlashuvida uning vazni asosiy omillardan biri bo‘lgan. Minnok 16 oy davomida shifoxonada davolangan va shu vaqt ichida 419 kilogramm vazn yo‘qotgan.

Buning o‘zi ham uning yana bir rekord o‘rnatishiga sabab bo‘lgan: u tarixda qayd etilgan eng katta miqdordagi vazn yo‘qotish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan.

Afsuski, bir yil o‘tib, uning vazni yana 453 kilogrammga yetgan va ikki yildan so‘ng vafot etgan. O‘sha paytda uning vazni 262 kilogramm bo‘lgan edi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.