Urgutning Shirvoq ota mahallasida yangi kutubxona ochildi

Muhimi, bu kutubxonani tashkil etishning tashabbuskori - yoshlar.

Bu ezgu ishning boshida Shirvoq ota mahallasi yoshlar yetakchisi Qosim Nafasov ekanligini eshitib, quvondik. Mazkur tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish hamda mahalla aholisining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

- Kutubxonani tashkil etilishida mahalla faollari, shuningdek 50-maktab jamoasining ko‘magi katta bo‘ldi, - deydi Q.Nafasov.

Kecha ushbu kutubxonaning muxtasargina ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov, ijodkorlar, mahalla faollari, o‘qituvchilar, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar yoshlarga ma’naviy ozuqa beruvchi, ularni fikrlashga undovchi bunday maskanlarning ahamiyatini ta’kidlab, kutubxona kelgusida mahallaning madaniy hayotida muhim o‘rin egallashiga ishonch bildirdilar.

Mazkur kutubxona yoshlar uchun bilim manbai, ma’naviyat o‘chog‘i, yangi g‘oyalar tug‘ilib, iste’dodlar kamol topadigan makonga aylanishi shubhasiz.