Urgutda yangi davr boshlandi
Davlatimiz rahbarining 25 noyabr kuni viloyatimizga tashrifi davomida Urgutda bo‘lib, tumanni yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish uchun bir qator muhim tashabbuslarni bildirganini urgutliklar shunday e’tirof etmoqda.
Hudud rivoji, aholi farovonligini ko‘zlab
Urgut respublikamiz tumanlari ichida aholisi eng ko‘p – 600 mingdan ortiq odam istiqomat qilayotgan hudud hisoblanadi. Ayni paytda aholining iqtisodiy faol qatlami 207 ming nafarni tashkil etadi va ularning 197 ming nafari foydali mehnat bilan band.
Joriy yilning to‘qqiz oyida tumanda 29 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilib, ishsizlik darajasi 4,7 foizga tushgan. Yil boshida 11597 (9,1 foiz) kambag‘al oila reyestrga kiritilib, 1 noyabr holatiga ularning 4570 tasi kambag‘allikdan chiqarilgan.

Tumanda o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, kelasi yil kambag‘allik va ishsizlikni 2 foizdan tushirish kerakligini ta’kidladi.
2017 yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinishi natijasida shu paytgacha 860 million dollarlik 74 ta loyiha amalga oshirildi va Urgut sanoatlashgan hududga aylandi. Bugungi kunda tuman viloyat sanoatida uchinchi o‘rinda, servisda to‘rtinchi o‘rinda turadi.
u yil Samarqand shahridan Urgut tumaniga 55 kilometr masofaga temir yo‘l tarmog‘i qurildi va yiliga 359 ming yo‘lovchi hamda 8,2 million tonna yuk tashish imkoniyati yaratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu gal Urgutga ana shu yangi temir yo‘l orqali poyezdda keldi.
Vokzalda tuman jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvda, shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida davlatimiz rahbari Urgutni yanada rivojlantirish, tadbirkorlik uchun imkoniyatlarni kengaytirish va aholi uchun zamon talablariga mos turmush sharoitlari yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 2026 yilda tumanga 260 milliard so‘m ajratilishi aytildi. Misol uchun, Tinchlik mahallasi hududidan logistika markazi qurish uchun 5 gektar joy ajratilib, 5 milliard so‘mlik infratuzilma qilib beriladi va 100 ga yaqin do‘kon, oshxona va servis ob’yektlari quriladi.
Shuningdek, 8 mahalla infratuzilmasi uchun Islom taraqqiyot bankidan 10 million dollar jalb qilinadi. Tojikiston bilan chegaradosh 15 mahallada mehmon uyi va dam olish maskani qurishga 10 milliard so‘m resurs yo‘naltiriladi.

Tuman markazidagi 1,5 kilometrli Navoiyshoh ko‘chasi tunu kun ishlaydigan maskanga aylantiriladi. Bu yerda 60 ta savdo-servis ob’yekti tashkil etilib, 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
2 ming gektar g‘alla va 3,5 ming gektar tamaki yer maydonlari meva-sabzavot ekishga o‘tkaziladi. Yangi o‘zlashtirilayotgan 5,5 ming gektar yerda yuqori daromad beradigan eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi. 500 gektar tog‘oldi va yaylov hududlarda sanoatlashgan uzumzor tashkil etilib, aholiga bo‘lib beriladi. Ushbu yerlarga suv olib chiqish maqsadida artizian qudug‘i qazish, 15-20 kilovattli quyosh paneli o‘rnatish xarajatlari uchun 30 milliard so‘m arzon resurs beriladi. Tumanda mavjud yaylovlardan samarali foydalanib, qo‘shimcha ravishda 40 ming bosh qo‘y-echki boqish yo‘lga qo‘yiladi.
Urgutliklarning kayfiyati a’lo
– Davlatimiz rahbari har gal uchrashganimizda “Urgutliklarning kayfiyati qanday?” deb so‘raydilar, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Urgut tumani bo‘limi raisi Farmon Azizov. – Urgut bugun shunchalik o‘zgarib, islohotlar markaziga aylanganki, bundan xalqimiz juda xursand, kayfiyati a’lo darajada. Ayniqsa, Prezidentimizning tumanimizga bu galgi tashriflaridan so‘ng odamlarda yangi kuch-g‘ayrat, jo‘shqinlik paydo bo‘ldi. 25 noyabr kuni davlatimiz rahbari Urgutga yangi temir yo‘lda, poyezd bilan keldilar. Yo‘l davomida keyingi yillarda viloyatimizda, jumladan, Urgutda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib, bu ishlar ko‘lami yanayam kengayishini aytdilar. U kishining tashabbusi bilan bundan sakkiz yil oldin “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi tumanimizda tadbirkorlik, sanoatni yanada rivojlantirishga imkoniyat yaratdi. Bugun 1,5 mingga yaqin katta-kichik korxona faoliyat ko‘rsatmoqda va bu zavod-fabrikalarda minglab urgutliklar ishlamoqda.
Bir paytlar ishsizlik eng katta muammo bo‘lgan Urgutda bugun bekorchi odamni topish qiyin. Ko‘plab tadbirkorlarimiz o‘z korxonasiga qo‘shni tumanlardan ishchilarni jalb qilmoqda. Kambag‘al oilalar kamaymoqda. Ish o‘rni, doimiy daromad manbai bo‘lganidan so‘ng odamlar ro‘zg‘or tebratishga qiynalmayapti, orzu-niyatlariga yetyapti.
Prezidentimiz tumanimizdagi yirik ishlab chiqarish korxonasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urgutda 100 ming kishilik yangi shaharcha qurilishini aytdilar, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratilishi sanoatni, turizmni yanada rivojlantirish uchun tadbirkorlarga ko‘plab imtiyozlar beriladigan bo‘ldi. Bu Yurtboshimizning Urgutga va urgutliklarga bo‘lgan juda katta e’tiborlari, g‘amxo‘rliklari natijasidir.
“Yangi O‘zbekiston” massivi yonida yangi shaharcha quriladi
Urgutdagi yig‘ilish chog‘ida davlatimiz rahbari bugungi kunda tuman markazidagi 24 ta mahallada 100 mingga yaqin aholi istiqomat qilishi, ular uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar yechimini anchadan beri kutayotganini alohida ta’kidladi. Ana shu jihatlar hisobga olingan holda Urgut markaziga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilingani aytildi.
– Bugungi kunda tumanimizda 650 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi va keyingi yillarda ularni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida urbanizatsiya, renovatsiya dasturlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Urgut tumani hokimi o‘rinbosari Sohib Xudoyberdiyev. – Prezidentimizning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar yer ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etishga oid qarorlari bu borada tumanimiz uchun tarixiy qaror bo‘ldi. Mazkur hujjatga ko‘ra, yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma ob’yektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi. 3 gektar maydonda tuman hokimligi va 35 ta tashkilot uchun yagona ma’muriy markaz quriladi. Biz ushbu tarixiy qaror qabul qilingan kunning o‘zida ishga kirishib, hududning topografik s’yomkasi, loyiha smeta oldi hujjatlari va bosh rejani tayyorlashga kirishdik. Bu shaxsan viloyat hokimining nazoratida turibdi va har kuni kunlik ishlar yuzasidan hisobot berib boryapmiz.
Prezidentimiz yangi shaharcha qurilishida xorij tajribasini o‘rganish va kerak bo‘lsa, chetdan mutaxassislarni olib kelib, loyihani zamon talablariga mos, mukammal holda ishlab chiqish topshirig‘ini berdilar. Hozirda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bu borada ish olib boryapmiz. Dastlabki rejalarimizga ko‘ra, yangi shaharchada qurilish ishlari 2026 yilda boshlanadi va to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Nasib etsa, ikki-uch yilda zamonaviy qiyofadagi, ko‘rkam shaharcha paydo bo‘ladi.
Qayd etish lozim, mazkur hududda bugungi kunda 39,2 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etilmoqda. Bu yerda 58 ta ko‘p qavatli uy, 4 ta maktab, 4 ta bog‘cha, poliklinka va boshqa ob’yektlar qurilmoqda.

Tuman hokimi o‘rinbosarining aytishicha, yangi shaharcha qurilishi haqidagi qarorni qurilish-pudrat tashkilotlari va ularning ishchilari ham juda katta xursandchilik bilan qabul qildi. Ular “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng tender tanlovlarida qatnashib, yangi shaharcha qurilishida ham ishtirok etish niyatida.

Tadbirkorlar namuna bo‘lmoqchi
Prezident tashrifi, ayniqsa, urgutlik tadbirkorlarda o‘zgacha g‘urur uyg‘otdi, ularga g‘ayrat-shijoat bag‘ishladi. Chunki Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda tumanga kelganida Urgutni sanoat zonasiga aylantirish tashabbusini ilgari surib, tadbirkorlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilishi, imtiyozlar berilishini aytgandi. O‘tgan davr mobaynida bu maqsadlar amalga oshdi, tuman chinakam tadbirkorlar maskaniga aylandi.
Majidxon Islomov ham davlat rahbari yaratib bergan imkoniyatlar tufayli tadbirkorlik faoliyatni boshlab, bugun “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi o‘z brendini yaratayotgan korxonalardan birining rahbariga aylangan.
– Prezidentimizning Samarqandga tashriflari go‘yoki Urgutga tashrifdek bo‘ldi, – deydi “Urgut INI tekstil” korxonasi rahbari Majidxon Islomov. – Yig‘ilish davomida Urgut bo‘yicha alohida vazifalar, topshiriqlar berildi, viloyat hayoti bilan bog‘liq masalalarda ham Urgut misol keltirildi. Eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yana ko‘plab imkoniyat va qulayliklar bo‘lishi, trillion-trillion so‘m mablag‘ ajratilishi aytildi. Bu juda katta gap va biz ham bunga munosib bo‘lib, ishlab chiqarish hajmini oshirishimiz, yangi ish o‘rinlari ochishimiz, yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari shuncha imkoniyat yaratib berish bilan birga faoliyatimizda qanday muammolarga duch kelayotganimiz bilan qiziqdilar, taklif so‘radilar. Men ham biz tadbirkorlarga bo‘lgan e’tiborlari uchun minnatdorlik bildirish maqsadida so‘z so‘ragandim. U kishi esa taklif aytgin, dedilar va ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy do‘konlar tashkil etish haqida taklif berdim. Chunki o‘zimning ham boshimdan o‘tgan, yangi ish boshlagan tadbirkor bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, mahsulotining doimiy xaridorlarini topishiga ancha vaqt ketadi. Shunday vaziyatda ijtimoiy do‘konlarning bo‘lishi ishlab chiqaruvchiga mahsulotini birinchi qo‘l sifatida xaridorga arzon narxda taklif etib, xaridor orttirishiga katta yordam bo‘ladi. Prezidentimiz bu taklifimni ma’qulladilar va o‘sha yerning o‘zida mutasaddilarga topshiriq berdilar. Nasib etsa, buni Urgut tajribasi sifatida ko‘rsatib, butun mamlakatimizga ommalashtiramiz.

Davlatimiz rahbari 2016 yilda tumanimizga kelganlarida Urgutni sanoat zonasi qilamiz, degandilar. Keyin bu haqda qaror qabul qildilar va bugun Urgutda 1000 dan ortiq korxona ishlab turibdi. Bu galgi tashriflari ham viloyatimiz, jumladan, Urgutni yanada taraqqiy ettirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Samarqandni boshqa hududlarga namuna bo‘ladigan metodik viloyatga aylantiramiz, dedilar. Bu ezgu maqsadga erishish uchun biz, tadbirkorlar ham o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Xullas, bugun kattayu kichik urgutlikning so‘ziga quloq tutsangiz Prezidentning Urgutga kelgani va juda katta bunyodkorlik ishlari boshlangani, yirik dasturlarni amalga oshirishga kirishilganini aytadi, o‘zi ham bu jarayonning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganini bildiradi. Aslida, xalqning hamjihatligi, birligi ana shunday pallada namoyon bo‘ladi, ulug‘ ishlar shu tarzda boshlanadi.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (surat).