Urgutda zamonaviy logistika markazi: O‘zbekiston–Tojikiston iqtisodiy aloqalarida yangi bosqich
O‘zbeklar va tojiklarni ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqqa qiyoslashlari bejiz emas. Zero, dinimiz, urf-odat va qadriyatlarimiz, hayot tarzimiz va zehniyatimiz o‘zaro mushtarak. Qon-qardosh, quda-anda bo‘lib ketgan bu ikki xalqni bir-biridan uzoq tutish uchun qo‘yilgan sun’iy to‘siqlarni ham ko‘rdik. Mayli, uzoqqa bormaylik. Bor-yo‘g‘i 10 yilgina muqaddam jon-jigarlar, garchi o‘rtalaridagi masofa qisqa bo‘lsa ham, bir-birining diydoriga zor edi. O‘zaro bordi-keldi qilish imkoniyati deyarli cheklangandi.
2018-yilda O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining siyosiy irodasi bilan o‘nga yaqin chegara o‘tkazish punktlari qayta ochildi. Qon-qardoshlar yana topishdi. Birgina Urgut va Panjakentni bog‘lovchi “Jartepa” – “Sarazm” chegara bojxona postlari orqali kuniga yuzlab odamlar o‘tib-qaytayotgani yuqorida tilga olganimiz – siyosiy irodaning qiymati nechog‘li baland ekanini isbotlab turibdi.
Ma’lumot o‘rnida: “Jartepa” chegara bojxona posti orqali harakatlangan avtotransport vositalari 2024-yilda 107 ming 983 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 136 ming 904 taga yetdi. Yo‘lovchilar harakati esa 2024-yilga nisbatan 142 ming 844 nafarga ko‘paygan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnilik munosabatlari yangi mazmun bilan boyib, savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, chegaraoldi hududlarda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va yuk tashish jarayonlarini yanada faollashtirishga xizmat qilyapti. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan Urgut tumani Tinchlik mahallasi hududida, O‘zbekiston–Tojikiston chegarasida joylashgan “Jartepa” bojxona posti yonida zamonaviy logistika markazi barpo etilayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur loyiha 10 gektar maydonni qamrab olgan bo‘lib, chegaradan o‘tuvchi yuklarni qabul qilish, vaqtincha saqlash va bojxona rasmiylashtiruvi ishlarini bir joyda amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa eksport-import operatsiyalarini soddalashtirib, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmining barqaror o‘sib borayotgani “Jartepa” chegara punktining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, “Buyuk kompleks siti” MChJ tomonidan barpo etilayotgan logistika majmuasi bir qator yirik bo‘linmalarni o‘z ichiga oladi.
Jumladan, logistika markazida umumiy maydoni 12 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy omborxona va 1 ming kvadrat metr sig‘imga ega muzlatgich inshooti quriladi. Markaz bir vaqtning o‘zida 100 ta yuk avtomobiliga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa yuklarning tezkor qabul qilinishi va harakatini ta’minlaydi.
Majmua tarkibidagi savdo markazi va Ekobozor 400 ta do‘kon hamda 200 ta rastadan iborat bo‘lib, oyiga 3 million dollargacha eksportni amalga oshirish quvvatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Haydovchilar va tadbirkorlar uchun mehmonxona va hostel, shuningdek, kuniga 150-200 nafar bemorni qabul qilish imkoniga ega bo‘lgan zamonaviy tibbiyot markazi hamda laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa logistika markazi atrofida kompleks xizmat ko‘rsatish muhitini shakllantiradi.
loyiha ekologik jihatdan ham samaradorlikni ko‘zda tutadi: binolar tom qismining 30 foiziga quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu energiyatejamkor yechim markaz faoliyatining uzluksizligini ta’minlaydi.
Urgutdan Tojikiston bozorlariga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarning mazkur logistika markazi orqali o‘tishi natijasida yetkazib berish jarayonlari yanada tartibli va samarali yo‘lga qo‘yiladi.
2028-yilga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan markaz chegaraoldi hududlarda savdo faolligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni amaliy jihatdan yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, chegaradagi infratuzilmaning rivojlanishi nafaqat iqtisodiy aloqalarga, balki asrlar davomida shakllangan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va hamkorlikka asoslangan azaliy qadriyatlarning mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.
Nusrat BOBOYeV.