Urgut «osmoni»ga sayohat yoxud tog‘lar orasidagi imkoniyat

Keyingi yillarda Urgut tumanida ekoturizm, ziyorat turizmi, turizm qishloqlari hamda ekstremal turizm kabi yo‘nalishlarda zamonaviy infratuzilmalar yaratilmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy aholi farovonligiga, balki mamlakatimiz turizm salohiyatining yuksalishiga ham xizmat qilyapti.

Xususan, tumanda keyingi paytlarda ekstremal turizm yo‘nalishi ommalashyapti. Bunday imkoniyat hamma joyda ham bo‘lavermaydi. Chunki aksariyat hududlarda tog‘ relefi, balandlik, shamol tezligi, ob-havo va boshqa sharoitlar mos kelmaydi.

— Paraplan motorsiz, yengil va qulay parvoz qilish vositasi sanaladi, — deydi O‘zbekistonda paraplan bo‘yicha xalqaro festival va musobaqalar tashkilotchisi Alisher Islomov. — U bir qaraganda parashyut kabi ko‘rinadi, lekin undan farqli ravishda, paraplanda uzoq masofaga va balandlikka parvoz qilish mumkin. Parashyut bilan samolyot, vertolyot yoki balandlikdan sakrash orqali pastga tushilsa, paraplan orqali havoda suziladi, pilot tomonidan to‘liq boshqarilib, burilish, ko‘tarilish, pasayish imkoniyati mavjud.

Ekstremal turizmni rivojlantirish va aynan paraplanda uchish uchun eng qulay joylardan biri Urgut tumani tog‘laridir. To‘rt yil davomida hududning infratuzilmasi, iqlimi, tog‘larning balandligi, shamol yo‘nalishi va tezligini xalqaro darajadagi mutaxassislar bilan o‘rganib, bunga ishonch hosil qildik. Hozirda hududga xorijlik sportchilar va paraplanshunoslarni jalb qilib, ular ishtirokida musobaqa va festivallar o‘tkazib, tajriba almashyapmiz. Shu bilan birga paraplanda uchishni xohlovchi havaskorlar va mahalliy aholi uchun parvoz qilish xizmatini ham yo‘lga qo‘ydik.

Shu yil tumanning Andak, Chorchinor, Sariqtepa mahallalarida ilk bor tashkil etilgan xalqaro paraplan festivali va musobaqalarida 20 dan ortiq davlat paraplanchilari, havaskor sportchilar va millionlab mahalliy aholi ishtirok etdi.

— Hozirgi kunda 70 ga yaqin paraplanda uchuvchi pilotlarimiz bor, — deydi o‘zbekistonlik paraplanchi Murod Sodiqov. —  Ushbu pilotlarimiz bilan xalqaro musobaqalarda, jahon kubogi bahslarida ishtirok etib kelyapmiz. Yurtimizda havoda uchish sporti endi rivojlanmoqda. Yaqinda mamlakatimizda ilk bor Urgut tumanida xalqaro paraplan musobaqasi tashkil etilgani bu sportga qaratilayotgan e’tibor va turizmning yangi yo‘nalashi rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Urgut tog‘laridagi sharoit Hindistondagi xalqaro paraplanda uchish uchun mo‘ljallangan joyga o‘xshaydi va buni xorijlik paraplanchilar ham e’tirof etayotgani tahsinga loyiq.

— Samarqanddagi dunyoga mashhur Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi haqida ko‘p eshitganman, - deydi rossiyalik paraplanchi Natalya Lipatnikova. – Lekin Urgut tumanidagi baland tog‘lar haqida ma’lumotga ega emasdim. Rostini aytsam, ko‘p mamlakatlarda uchganman, bu yerdagi tabiat meni hayratga soldi. Tog‘lar juda jozibali, qiyaliklar esa uchish uchun qulay. Yuqoridan qaraganda, tog‘lar bilan qoplangan keng vodiy, yashil bog‘lar juda chiroyli ko‘rinadi. Ayniqsa, mahalliy aholining bizga hurmat bilan munosabatda bo‘lgani juda yoqdi. Yaqindagi bozor va oshxonalarga ham bordik, taomlari mazali va narxlari ham qulay.

Ayni paytda tog‘ turizmini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish, tumanni doimiy ekstremal turizm bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylantirish maqsadida Andak, Chorchinor, Sariqtepa mahallalari tog‘larida maxsus uchish maydonlari tashkil etish va bu joylarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash, transport, mehmonxona va boshqa turdagi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.