Kitob – bilim manbai, kutubxona shu bilimlarning o‘chmas xazinasi

Kutubxona shunchaki kitoblar jamlangan joy emas, balki inson tafakkuri, ma’naviy olami va intellektual salohiyatini boyitadigan muhim maskandir.

Har bir davrda kutubxonalar jamiyat taraqqiyoti uchun asosiy manba bo‘lib kelgan. Chunki kitob – bilim manbai, kutubxona esa ana shu bilimlarning o‘chmas xazinasi hisoblanadi.

Bugungi kunda kutubxonalar zamonaviy texnologiyalar, elektron resurslar, mustaqil o‘qish xonalari va turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan ma’naviy markazga ham aylangan. O‘quvchi yoki talabalar uchun qulay sharoit yaratilgani, internet tarmog‘i, kompyuterlar mavjudligi kutubxonaning ahamiyatini yanada oshiradi.

Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Samarqand viloyati akademik litseyining axborot-kutubxona texnologiyalari markazida 3022 ta kitob bo‘lib, shundan 1102 tasi badiiy adabiyotlardir.

O‘quvchi yoshlarni muntazam kitob o‘qishga jalb etish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish hamda axborot-kutubxona texnologiyalari markazi faoliyatini yanada jonlantirish maqsadida “Kitob – mening do‘stim”, “Eng faol kitobxon”, “O‘qish – tafakkur chirog‘i”, ”Har guruhga bir kitob”, “Men sevgan asar” kabi bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, o‘quvchilar uchun kitob ko‘rgazmalari, yangi adabiyotlar taqdimoti tashkil etilib, eng faol kitobxonlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlanmoqda.

Kitobxonlikni targ‘ib etish bo‘yicha ishlar o‘quvchi-yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishda, mustaqil fikrlashini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida bu yo‘nalishda yanada kengroq ko‘lamdagi tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Kutubxona xodimlari ham ushbu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Ular yoshlarni kerakli adabiyotga yo‘naltiradi, tavsiyalar beradi va kitobga mehr uyg‘otadi. Shu tariqa kutubxona jamiyatning ma’naviy yuragi bo‘lib xizmat qiladi.

G.Isoqova,

Akademik litsey axborot-kutubxona texnologiyasi bo‘yicha yetakchi mutaxassis.

 K.Rahmatullayeva,

ushbu kutubxona mutaxassisi.