Agentlik rahbari Samarqandda: tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Viloyatimizda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirokida yoshlar va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar bilan uchrashuvlar hamda hududlarda o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
Dastlab, Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan askarlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar askarlarga tushuntirildi. Shuningdek, askarlarning murojaatlari tinglanib, startap g‘oyalariga ega yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari va mavjud davlat dasturlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mazkur muloqot askarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Alisher Sa’dullayev Ishtixon tumaniga tashrif buyurib, yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda qurilishi rejalashtirilgan Yoshlar markazi loyihasi bilan tanishdi. Markaz barpo etilishi belgilangan hudud joyiga chiqib ko‘zdan kechirildi, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda markazning kelgusidagi faoliyati yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan atroflicha fikr almashildi. Yakunda loyiha sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida mahallalarda yoshlar bilan ishlash holatini o‘rganish bo‘yicha Respublika komissiyasi ishchi guruhi faoliyati boshlandi. Ishtixon tumanida aholini ro‘yxatga olish jarayonlarining tashkil etilishi, sifati va samaradorligi o‘rganildi. Tuman yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Harbiy sohaga qiziqish bildirayotgan yoshlar bilan alohida uchrashuvlar tashkil etilib, ularning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
O‘rganishlar davomida startap g‘oyalariga ega yoshlar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud imkoniyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Hududlarda o‘rganish va ochiq muloqotlar izchil davom ettirilmoqda.
Charos Saidova,
viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi axborot xizmati rahbari.