Universitet kutubxonasiga Pekindan kitoblar jamlanmasi hadya qilindi
18 oktyabr — Samarqand shahri kuni munosabati bilan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SXTU) kutubxonasi Pekin shahridan ajoyib sovg‘alarni qabul qilib oldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Foreign Languages Press» (FLP) nomli mazkur nashriyot «Bir makon - bir yo‘l» global tashabbusi ostida 70 yildan oshiq vaqtdirki, xitoyliklar madaniyatini dunyoga yetkazib kelmoqda. Uning olib borayotgan ishlari Xitoy va dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy muloqot, o‘zaro hamkorlik, bir-birini tushunishga to‘la-to‘kis muvofiq keladi.
Nashriyot Xitoy xalqaro muloqot guruhi (CICG) tarkibiga kiritilgani ham bejiz emas, albatta.
E’tiborlisi shundaki, SXTU kutubxonasiga bunday kitoblar ilk bor hadya qilinayotgani yo‘q. Jumladan, 2022 yilda amerikalik taniqli tinchliksevar olim doktor Vebster Terrens Doyl ham o‘zining kitoblar jamlanmasini universitet kutubxonasiga sovg‘a qilgan edi.