Jomboyda zamonaviy kutubxona ochildi
Jomboy tumani aholisi uchun Navro‘z umumxalq bayrami arafasida tuman axborot-kutubxona markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi Qayum Sobirov, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev va boshqalar yangi axborot-kutubxona markazining ochilishi bilan yig‘ilganlarni, ular orqali barcha tuman ahlini qutlab, kitob mutolaasining, kitobxonlikning jamiyatdagi o‘rni haqida gapirib, yangi markaz tuman aholisi o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidlashdi.
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumanimizda 2020 yilda axborot-kutubxona markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, sharoit yo‘qligi bois talab darajasida faoliyat yurita olmayotgandi, - dedi tuman hokimi Q.Sobirov. - 2022 yilda tuman ziyolilari tomonidan kutubxona uchun zamonaviy bino qurish tashabbusi ilgari surildi. Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Tashabbusli byudjet” platformasiga joylashtirilgan ushbu taklif tumanimiz aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Natijada Moliya vazirligi tomonidan 1 milliard 200 million so‘m ajratilib, tuman markazida ushbu bino bunyod etildi va kitobxonlarimiz uchun zamonaviy sharoit yaratildi.
Axborot-kutubxona markazining ikki qavatli yangi binosi 100 o‘ringa ega bo‘lib, unda ikkita o‘quv zali, bolalar bo‘limi, kompyuter va saqlash xonalari, shuningdek konferensiyalar o‘tkazishga mo‘ljallangan xonalardan iborat. Markaz fondida 15,5 ming dona kitob mavjud bo‘lib, ularning 12 ming 128 donasini badiiy adabiyotlar tashkil qiladi.
Alisher Isroilov.