25 nafar maktab kutubxonachisining qariyb 55 million so‘mlik ish haqi to‘lab berilmaganligi aniqlandi
Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman xalq ta’limi bo‘limida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida hududdagi bir emas, o‘n emas, 20 nafardan ortiq maktablardagi kutubxonachilarga berilishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha rag‘batlantirish pullari to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Xususan, tumandagi 31-maktab kutubxonachisi N.Bozorova 2 182 957 so‘m, 92-maktab kutubxonachisi M.Yalg‘ashova 1 029 697 so‘m, 44-maktab kutubxonachisi X.Sharipov 2 059 394 so‘m, shuningdek, 4, 41, 73, 104, 28, 8, 27, 24, 51 va 5-maktab singari ish haqlariga qo‘shimcha tarzda berilishi lozim bo‘lgan jami 25 nafar kutubxonachiga 54 million 580 ming 431 so‘m to‘lanmagan.
Adliya bo‘limi xodimlarning manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattako‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud Fuqarolik protsessual kodeksining 171, 178-moddalarini qo‘llab, adliya bo‘limining arizasini qanoatlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi PF-134-son farmoni bilan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan kutubxonachilarining oylik maoshlari 2022 yil 1 sentyabrdan oshirilishi belgilangan.