“Obod xonadon-ko‘cha-mahalla”: Melixo‘ja ko‘rkam hududga aylandi
“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish asosida Kattaqo‘rg‘on tumanining Melixo‘ja mahallasini obodonlashtirish ishlari yakuniga yetdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda E.Turdimov, viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir erta tongda Tong qo‘rg‘oni qishlog‘idan mahalla markazigacha masofada “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi. Unda 3 mingdan ortiq aholi va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Melixo‘ja mahallasida 1200 ga yaqin xonadon va shuncha oilada 5,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. 7155 gektar maydonda joylashgan mahalla tarkibida 5 ta qishloq, 12 ta ko‘cha mavjud. O‘ziga xos shaharcha bo‘lgan mahallada sobiq parrandachilik fabrikasi tugatilgach, ancha e’tiborga muhtoj holga kelgandi. Besh oy davomida olib borilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari tufayli mahalla yanada zamonaviy ko‘rinish kasb etdi. Qisqa muddatda aholi uchun ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘llar, ariq-zovurlarni tozalash, bandlikni ta’minlash, gaz ta’minotini yaxshilash ishlari olib borildi, bir nechta ijtimoiy soha ob’yektlari yangidan qurilgan bo‘lsa, qolganlari kapital ta’mirlandi.
- Viloyat hokimligi tashabbusi bilan homiylik asosida o‘ta og‘ir sharoitda yashovchi, ehtiyojmand toifadagi 16 oilaning turar-joylari joriy va kapital ta’mirlandi, 857 ta xonadon obodonlashtirildi, - deydi Melixo‘ja MFY raisi Nizom Xudoyorov. - 220 dan ortiq xonadonni elektr energiyasi, suv, gazballon bilan ta’minlash, internet tarmog‘iga ulash, chiqindini olib ketish bilan bog‘liq muammolar hal etildi. Homiylik va hashar yo‘li bilan 7 ta xonadan iborat zamonaviy mahalla binosi barpo etilib, “mahalla yettiligi” faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratib berildi. Mahalla binosining yon qismida joylashgan guzar binosi ta’mirlanib, xotin-qizlar uchun tikuvchilik yo‘nalishi tashkil etildi.
Mahalladagi to‘rtta maktab ta’mirlandi
Mahalladagi umumta’lim maktabi mukammal, uchtasi joriy ta’mirlandi. Mahalla aholisi uchun yangi “Workout” sport maydonchasi tashkil etildi. Aholini, ayniqsa, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishi uchun mahalladagi futbol maydoni ta’mirlanib, qariyb 2200 metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Melixo‘ja qishlog‘idagi 19-DMTT binosi homiylik hisobidan qariyb 4 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy qiyofaga keltirildi, “Gulobod” oilaviy shifokorlik punkti qurilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, erkaklar sartaroshxonasi, ayollar go‘zallik saloni, 2 ta transformatorni qayta ta’mirlash sexi, 1 ta transformatorlar ehtiyot qismlari savdosi bo‘limi, 5 ta parrandachilik sexi, 2 ta avtobekat, 7 ta oziq–ovqat mahsulotlari do‘koni, 1 ta otalar choyxonasi, 1 ta dorixona, 6 ta boshqa turdagi savdo markazlari hamda 26 gektar maydonda uzumchilikka ixtisoslashtirilgan bog‘ barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirlar davomida 844 ta xonadonda dezinfeksiya ishlari olib borildi hamda 780 dan ortiq yirik shoxli va boshqa turdagi uy hayvonlari yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi.
Aholi bandligini ta’minlash borasida 44 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 21 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 48 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, 61 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilishi, 19 nafarining tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yordam ko‘rsatildi.
E’tiborsiz fuqaro qolmaydi
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 1702 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 16 nafariga davolanish uchun viloyat shifoxonalariga order berildi. 9 nafar fuqaroga reabilitatsiya-texnik vositalari yetkazib berilib, 1,5 mingga yaqin fuqaroga bepul dori-darmon tarqatildi. Aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, 20 nafar ijtimoiy daftarda turgan fuqaroga 471 million so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatildi, 10 nafar fuqaroga bank krediti olishda ko‘maklashildi, 17 nafariga 170 million so‘mlik asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiyalar ajratildi.
Viloyat hokimi mahalla binosi qurilishiga hissa qo‘shgan homiylar, quruvchi, pudratchilarga minnatdorchilik bildirdi. Yurtimizda inson qadrining ulug‘lanayotgani, qishloqlar aholisi uchun shahardagidan kam bo‘lmagan sharoit yaratishga e’tibor berilayotganini ta’kidladi.
- Ko‘p yildan buyon mahallada mehnat qildim, hozir esa nuroniylar bo‘yicha rais maslahatchisiman, - deydi mahalla faoli G‘ulomqodir To‘ychiyev. - Mahalla ichki ko‘chalarining aksariyat qismi joriy ta’mirlandi, o‘zim 15 kilometr yo‘lga asfalt yotqizilganiga guvoh bo‘ldim. Muhimi, 2 ta TP punkti yangidan o‘rnatildi, 14 tasi kapital ta’mirlandi, yangielektr tarmoqlari ham tortildi. Mahallamizdagi asosiy ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilganini aytmaysizmi? Aslida bu raqamlarni aytish oson, ammo aholi shu muammolarga yechim topolmasdan ko‘p yildan buyon qiynalardi. Mahallamiz obodonlashtirishga tushganini eshitib odamlarimiz ham qo‘lidan kelgancha hasharlarda qatnashdi, qurilish-obodonlashtirish ishlarida yordamlashdi. Mana, qisqa muddatda mahalla butunlay yangi qiyofaga kirdi.
Mahallada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 11 gektar maydonda 6 ta bog‘ tashkil etilgani ham quvonarli.
Tibbiyot punktidan sanoat xabigacha
Navbatdagi ob’yekt Gulobod tibbiyot punkti bo‘ldi. Viloyat hokimi E.Turdimov va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev yangi barpo etilgan tibbiyot maskanining aholi salomatligini asrash yo‘lidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
- Enamyaxshi qishlog‘ida yaqingacha tibbiyot punkti bo‘lmagan, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov. - Keyinchalik tibbiyot konteyneri qo‘yildi, hozir esa barcha qulayliklari mujassam bo‘lgan tibbiyot punkti qurildi. Fuqarolarning tadbirkorligi, ilmga intilishi tufayli mahalla tumanga namuna bo‘lyapti. Mahalla tadbirkorlarning ko‘pligi va ishlab chiqarishning rivojlanishi hisobiga sanoat xabiga ham aylanmoqda. Hozirdan mahallada transformator, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, uzumchilik, parrandachilik drayverlari faoliyat yuritmoqda.
Tadbir davomida mahallada ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari, “Uch avlod uchrashuvi”, “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi. Mahalladagi qurilish, obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan quruvchi va bunyodkorlarga viloyat va tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Baxtiyor Mustanov (foto).