Olis qishloq yoshlari xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lyapti

Kattaqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchilarining ikki nafari muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ular xorijiy davlatlarning eng nufuzli xalqaro universitetlaridan qabul xatlarini olgan.

- Ma’lumki maktabimiz o‘quvchilari va ularga dars beradigan o‘qituvchilar ham imtihon asosida qabul qilinadi, - deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi Obidjon Qo‘ldoshev. – Ta’lim muassasamizda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu imkoniyatlardan foydalangan holda bir qator yutuqlarni qo‘lga kirityapmiz. Maktabdagi 6 nafar ingliz tili o‘qituvchisi bir yoqadan bosh chiqarib, o‘quvchilarimizning xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishlari, shuningdek, nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilinishlari uchun ko‘maklashyapmiz. Natijada ikki nafar bitiruvchi – Gulziyo G‘ofurova hamda Shahro‘z Boliyevlar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun grantlarni qo‘lga kiritdi.

- Bu ixtisoslashtirilgan maktabga kelganimdayoq oldimga muddatidan oldin talaba bo‘lish maqsadini qo‘ygandim, - deydi Sh.Boliyev. – Ustozlarimning mehnati va o‘zimning harakatlarim sababli bunga erishdim ham. IELTS sertifikati uchun imtihon topshirib 6,5 balni qo‘lga kiritdim. Shuningdek, B2 darajali milliy sertifikatga ham ega bo‘ldim. Natijada Nyu York texnologiya institutiga 108 ming dollarlik grant asosida o‘qishga kirdim.

- AQShning Manxetten Kolleji, Missisipi va Ksave universitetlariga o‘qishga qabul qilindim, - deydi Gulziyo G‘afurova. – Jumladan, Ksave universitetining 112 ming dollarlik, Manxetten Kollejining esa 132 ming dollar miqdoridagi grantini qo‘lga kiritdim.

Kattaqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktabida nafaqat ingliz tili, balki boshqa fanlar bo‘yicha ham o‘tkazilayotgan tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan va muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘layotgan yoshlar bor.

- Xususan o‘tgan yili bitiruvchi sinf o‘quvchisi Olimjon Orifjonov PDP universiteti tomonidan axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘tkazilgan olimpiadada 12 million so‘mlik grant sohibi bo‘ldi, - deydi maktabning informatika fani o‘qituvchisi Eldor Choriyev. – Natijada Samarqand davlat universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Joriy o‘quv yilida esa 10-sinf o‘quvchisi Og‘abek Husanov va 7-sinf o‘quvchisi Qobiljon Sharipovlar fan olimpiadalarining viloyat bosqichida yuqori o‘rinlarni egallab, keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ular respublika bosqichida ham yaxshi natijalarga erishishiga ishonamiz.

Mazkur ta’lim muassasasida o‘quvchilar san’at va sportning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanishlari uchun ham zarur imkoniyatlar yaratilgan.

- Esimni taniganimdan beri rasm chizishga qiziqaman, - deydi maktabning 7-sinf o‘quvchisi Ruhshona Abduraufova. – Avval tumandagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qiganman va tasviriy san’at yo‘nalishidagi to‘garakka qatnashib turardim. Ammo hech tanlovlarda ishtirok etmaganman. Bu ixtisoslashgan maktabga o‘qishga qabul qilinib, viloyat miqyosida “Giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida o‘tkazilgan yosh rassomlar tanlovida birinchi o‘rinni egalladim va Italiyada o‘tkaziladigan festivalda qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. “Sun of Italy” xalqaro festivali doirasida o‘tkazilgan tanlovda esa ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim.

Keyingi yillarda mamlakatimizning turli hududlarida, xususan, olis qishloqlarda faoliyat boshlagan ixtisoslashtirilgan maktablar o‘z samarasini bera boshladi. Ushbu ta’lim muassasalarini bitirayotgan yoshlarimiz kelgusida o‘zlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlari shubhasiz.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV,

Sevinch G‘AFFOROVA.