Kattaqo‘rg‘on tumanida qoramollarning nasli yaxshilanmoqda
Qoramollarni oziqlantirish va parvarishlash bilan birga urchitilayotgan sigirlarni jahonning ilg‘or seleksion usullaridan foydalanib, nasl va mahsuldorligini yaxshilash tuman chorvachiligi oldida turgan muhim vazifalardan biri.
Shu maqsadda 2022 yilning boshida 2 nafar chorva mutaxassislari Rossiya Federatsiyasining Lipetsk viloyati "ЩYeLKOVO AGROXIM" xususiy korxonasida chorva mollari naslini yaxshilash borasida malakali mutaxassislardan tajriba o‘rganib keldi.
Bugungi kunda tumanda sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha malakali mutaxassislar, homiladorlikni tekshiruvchi apparat, dyuar idishlar, mikroskoplar va boshqa zarur asbob-anjomlari yetarli.
2022 yil boshidan malakali mutaxassislar aholi xonadonlaridagi qoramollar naslini yaxshilash maqsadida xududlarda 23 ming boshdan ortiq qoramolni sun’iy urug‘lantirdi. Natijada 16 ming boshdan ortiq buzoqlar tug‘ildi.
Chetdan 1 bosh naslli buzoq importi o‘rtacha 1000 dollarga tushadi. Demak, o‘zimizda sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan 16 ming bosh naslli buzoq 16 million dollar valyutani iqtisod qildi. Bundan tashqari, chetdan olib kelingan qoramollar o‘zimizni iqlim sharoitga moslashguncha 15-20 foiz chiqimga yo‘l qo‘yilib, mahsuldorlik yo‘qoladi. O‘zimizda tug‘ilgan naslli qoramollar sharoitga moslashib tug‘iladi. Mahsuldorligi baland va kasallika chidamliligi yuqori bo‘ladi.
Bu sa’y-harakatlar hademay o‘z samarasini beradi.
Jahongir Safarov.