Iste’dod manzil tanlamaydi: Kattaqo‘rg‘onlik yoshlar katta sahnalar sari
Kattaqo‘rg‘on tumanining Kattaming mahallasida joylashgan 30-son Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari navbatdagi tanlovda ham o‘z iste’dodini namoyon etdi. «Marhabo, talantlar!» respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida maktabning uch nafar o‘quvchisi sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Ularning har biri o‘z yo‘nalishida mahorat va iste’dodini namoyon etdi. Dilnura Rustamova estrada vokal yo‘nalishida ishtirok etib, I o‘rinni qo‘lga kiritdi va tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Bahora Faxriddinova raqs yo‘nalishida, Diyora Rustamova esa tasviriy san’at yo‘nalishida ishtirok etib, II o‘rin sohibalari bo‘ldi. Tanlov yakuniga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu yutuqlar ortida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga intilayotgan ustozlarning mehnati bor. Maktab direktori Shodiyor Amirov rahbarligidagi jamoa o‘quvchilarni turli ko‘rik-tanlovlarga tayyorlab, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etishi uchun muntazam ish olib bormoqda.
E’tiborlisi, maktab o‘quvchilari har yili turli tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Kecha yakunlangan navbatdagi bellashuvdagi natija ham bu an’ananing davomidir.
Chekka hududdagi maktabdan katta sahnalar sari intilayotgan yoshlarning har bir g‘alabasi — iste’dod manzil tanlamasligining yorqin ifodasi. Bugun tanlovlarda o‘zini namoyon etayotgan bu yoshlar ertaga san’at maydonlarida Kattaqo‘rg‘on va Samarqand nomini yanada yuksaklarga olib chiqishiga ishonch katta.