Kattaqo‘rg‘onda 1600 holatda yuqumli kasalliklar aniqlangan

Ushbu tumanda aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda sanitariya nazorati bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi faoliyati va tumanda mahallabay ishlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda javob izlandi.

Joriy yil tumanda aholining sanitariya epidemiologik xotirjamligini ta’minlash maqsadida bakteriologik va parazitologik laboratoriyalarga 200 million so‘mlik asbob-uskunalar sotib olingan. Shuningdek, laboratoriyalar talab darajasida faoliyat ko‘rsatishi uchun 95 million so‘mlik ozuqa muhitlari, zardoblar va reaktivlar bilan ta’minlangan.

- Yil boshidan buyon fuqarolardan olingan laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra, tumanda yuqumli kasalliklarning 17 turi qayd qilingan va 1603 holatda kasallik aniqlangan, - deydi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  bo‘lim boshlig‘i Ubaydulla Sagdullayev. - O‘tgan yilning shu davrida yuqumli kasalliklarning 17 turi aniqlangan bo‘lib, 1954 holatda kasallik qayd etilgan edi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich 351 holatga yoki 18 foizga kamayganligini ko‘rish mumkin.

Olingan epidemiologik retrospektiv tahlillar natijasiga ko‘ra, tumanda sil kasalligi 30 foizga kamaygan bo‘lsa, bezgak, gijja hamda virusli gepatitning «b», «s» va «d» ko‘rinishlari ko‘proq uchramoqda. Jumladan, joriy yilning to‘qqiz oyida 400 nafardan ortiq kishida virusli gepatitning turli ko‘rinishlari kuzatilgan.

Hozirda bunday kasallik bilan og‘rigan bemorlar alohida izolyasiya qilinib, davolash va vaksinatsiya ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu virusga qarshi kurashishning asosiy choralaridan biri emlash bo‘lib, bir marta kasallikka qarshi emlangan kishi 20 yilgacha gepatitdan himoyalanishi mumkin.

Press-tur davomida ishtirokchilar tuman sanitariya bo‘limi tomonidan mahallabay ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Cho‘yanchi mahallasida bo‘ldi.

- Mahalladagi 806 ta xonadonda dezinfeksiya, 816 ta xonadonda sanitariya targ‘ibot ishlari olib borildi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Mahzuna Nasriddinova. - Boshqarma va uning tuman bo‘limi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganish davomida artizan quduqlaridan olingan suv, bakteriologik va ximik tahlillar mutaxassislar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, tegishli xulosalar aytildi. Shuningdek, aholi tomonidan iste’mol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish maqsadida namunalar olinib, sanitariya qoidalariga amal qilish tushuntirildi va tarqatma materiallar berildi.

F.Ro‘ziboyev.