Samarqandda “Alashning asl arslonlari” ko‘rgazmasi ochildi

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida Qozog‘iston Respublikasi davlat markaziy muzeyining "Alash" arboblarining merosini targ‘ib etishga bag‘ishlangan «Alashning asl arslonlari» deb nomlangan ko‘chma ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mazkur ko‘rgazma bugungi va kelajak avlodlar xalqlarimiz tarixining eng fojiali davri - 1937-1938 yillardagi qatag‘on suronlarini yodda tutishida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

- Bizning ildizlarimiz, tariximiz mushtarak, o‘sha fojiali yillarda xalqlarimiz ham birga edi, – deydi Qozog‘iston Respublikasining Samarqand shahridagi bosh konsuli Talgat Sharipov. - Qozog‘iston zamini va O‘zbekiston zamini Kavkazning qatag‘onga uchragan xalqlari, turk mesxetlari, Volga bo‘yidagi olmonlar, Uzoq Sharqdan kelgan koreyslar kabi bir millionga yaqin kishiga boshpana berdi. Bu kunlarni doim yodda tutishimiz kerak.

Ta’kidlash lozimki, Alash O‘rda – qozoq xalqining milliy ozodlik kurashiga rahbarlik qilgan milliy partiya va muxtor hukumatdir. Ozodlik kurashchilarining sa’y-harakati bilan 1917 yilning dekabrida poytaxti Semipalatinsk shahri bo‘lgan Alash O‘rda muxtoriyati e’lon qilingan. Ammo ko‘p o‘tmay muxtoriyat va uning namoyandalari bolsheviklar ta’qibi va taqiqiga uchragan.

15 noyabrgacha davom etadigan ko‘rgazmada Alash O‘rda faoliyatida muhim o‘rin tutgan Ahmet Baytursinov, Alixon Bukeyxonov, Mirjaqib Dulatov, Muhammadjon Tinishpayev, Mustafo Cho‘qay, Saken Seyfullin, Xalil Do‘smuhammedov, Mag‘jon Jumaboyev kabi jadidlarning muhim arxiv hujjatlari namoyish etiladi.