Bronza dubulg‘a: 2600 yillik jangchi yodgorligi Samarqand muzeyida

"Samarqand" davlat muzey-qo‘riqxonasida namoyish etilayotgan bronza dubulg‘a eramizdan avvalgi VI-VII asrlarga oid bo‘lib, sak qabilasi jangchisining bosh kiyimidir.

Mazkur dubulg‘a 1952 yilda "Samarqand fosfat" zavodi qurilishi jarayonida ekskavatorchi tomonidan topilgan va muzeyga topshirilgan.

Ushbu ashyo nodir hisoblanib, Samarqand muzeyidan boshqa faqatgina Qirg‘izistonning Bishkek muzeyida mavjud. Dubulg‘a juda yaxshi saqlangan, u jang vaqtida askarlar bosh va bo‘yin qismini dushman hujumidan himoya qilish vazifasini bajargan.

Dubulg‘aning orqa va yon qismi paskti tomonlarida maxsus doira shaklidagi teshiklar mavjud bo‘lib, katta ehtimol bilan ushbu teshiklarga askar bo‘yin qismini himoya qiluvchi metalldan ishlangan to‘r biriktirilgan. Lekin metall to‘r bizgacha saqlanmagan.

Ashyoda saqlanib qolgan botiq izlar jang vaqtida sohibi boshini bir nech marta turli jarohat yoki o‘limdan saklab qolganligidan dalolat beradi.

Bronza dubulg‘a 2022-2025 yillar davomida Fransiyaning Luvr muzeyi va Germaniyaning Jeyms-Simon galeriyalarida namoyish qilingan.

To‘lqin Bo‘riyev,

"Samarqand" davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi boshlig‘i.