Samarqandni «Ming bir kecha» ertaklari mashhur qilganmi?
Muzeylar xorijiy sayyohlarni jalb etish, jahon hamjamiyatida davlatning ijobiy imidjining yaratish maqsadida xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashadi. Albatta, har qanday muzey ham xalqaro ko‘rgazmalarda qatnasha olmaydi. Buning uchun muzey fondi boy va noyob eksponatlarga ega bo‘lishi talab etiladi. Xalqaro ko‘rgazmaning muvaffaqiyatli chiqishi muzey joylashgan shahar yoki hudud tarixiga halqaro miqyosda oz bo‘lsa-da qiziqish bo‘lishi, kamida o‘sha shahar haqida jahon halqlari avval eshitgan bo‘lishiga ham bog‘liq.
Mustaqillik yillarida xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston madaniy merosi bir necha marta namoyish etilgan. O‘tgan davr mobaynida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ashyolari ishtirokida Fransiyaning Parij (1992-1993, 2022) va Lion (1998), Shveysariyaning Altendorf (1995), AQShning Filadelfiya (1999) va Vashington (2003), Germaniyaning Shtutgart (1998) va Gannover (2000), Avstraliyaning Sidney (2004), Yaponiyaning Nara (2005), Janubiy Koreyaning Seul (2009), Niderlandiya qirolligining Groningen (2010), Buyuk Britaniyaning London (2013), Saudiya qirolligining Jidda shaharlarida 16 marta xalqaro ko‘rgazma tashkil etilgan. Ularda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlaridan olib borilgan 800 ga yaqin noyob ashyolar namoyish etilgan bo‘lsa, ko‘rgazmalarning 5 tasi Samarqand shahriga bag‘ishlanganligi e’tiborni tortadi. Ya’ni, Samarqand shahri dunyo halqlari orasida avvaldan mashhur edi. Bu esa tashkil etiladigan halqaro ko‘rgazmalar muvaffaqiyatining asosiy omilidir.
Ko‘rgazmalarning Samarqand bilan bog‘liq bo‘lganlari «Afrosiyob xazinasi», «Samarqand kulollari» (Parij), «Qadimgi Samarqandda bo‘lgan afsonalar» (Lion), «Samarqandning qadimgi tarixi» (Seul), «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari» (Parij) ko‘rgazmalaridir.
Oxirgi ko‘rgazma Parijdagi Arab dunyosi institutida o‘tgan yilning noyabr oyida ish boshladi. Ko‘rgazmada O‘zbekistondagi turli muzeylardan 300 dan ortiq osori-atiqalar namoyish etilayotgan bo‘lsa-da, u «Samarqandga yo‘l» deb nomlandi.
Xo‘sh, Samarqandni dunyoga mashhur qilgan narsa nima? Umuman, dunyo jamoatchiligi Samarqand haqida qachondan boshlab va qaysi manbadan ma’lumot olishgan?
Ko‘pchilik tarixchi olimlar Yevropa aholisi sharq halqlari haqidagi asosiy bilimlarni XI-XIII asrlarda yuz bergan salib yurishlari natijasida olishgan, deb hisoblashadi. O‘z navbatida salib yurishlaridan keyin sharq halqlarining ham Yevropa haqidagi bilimlari boyigan. Haqiqatan ham salib yurishlaridan keyin Yevropa aholisi maishiy turmushida keskin o‘zgarishlar yuz bergani bor gap. Balki ushbu yurishlardan keyin yevropaliklarda tabiati va noz-ne’matlari bilan sharqda mashhur bo‘lgan Samarqandga qiziqish boshlangandir.
Geografiya haqidagi bilimlarning dunyo aholisi orasida yoyilishiga xizmat qilgan manbalardan yana biri bu so‘zsiz «Ming bir kecha» ertaklaridir. Ilk o‘rta asrlardayoq, shimoliy yevropalik vikinglardan bir necha asr ilgari Qizil dengiz bo‘yida yashovchi arab xalqlari dengiz va okeanlarga sayohatga chiqishgan. Arab savdogarlari Afrika, Hindiston, Xitoygacha borib mol olib-mol sotishgan. Ular sayohatlari davomida ko‘rgan va eshitganlarini bir-biriga so‘zlab berishgan. Oqibatda dunyo halqlari merosi - «Ming bir kecha» yaratilgan edi. Ushbu manbada Samarqand ikki joyda tilga olingan. Birinchidan, manba Shoh Shahriyor va uning ukasi –Samarqand hukmdori Shohzamon haqidagi ertak bilan boshlanadi. Ikkinchidan, olti yuz yetmish to‘qqizinchi kechada aytilgan hikoyada ham Fors shohi Faxrtojning o‘g‘li Murodshohning yurishlari davrida uning Samarqandni egallagani haqida so‘z boradi. Mard va jasur Shohzamonning akasi Shahriyor bilan birga boshidan o‘tkazganlari haqidagi hikoya Samarqandni shunchalik mashhur qilganmi?!
Eramizdan avvalgi II-I asrlarda yuzaga kelgan Buyuk ipak yo‘li ham xalqlar o‘rtasida madaniyat almashinuvida muhim o‘rin tutgan. Samarqand esa ushbu qadim yo‘lning markazida joylashgan edi. Xitoydan O‘rta dengizga qadar davom etadigan bu qadim yo‘lda necha ming yillar davomida So‘g‘d savdogarlari haqiqiy sarbon edi. Samarqand esa bir necha ming chaqirimga cho‘zilgan «buyuk yo‘l» bo‘ylab joylashgan xalqlardagi eng yaxshi madaniyat namunalarini qabul qilgan va o‘ziga singdirgan edi.
Dunyo xalqlari madaniyatlari kesishgan chorrahada joylashgan Samarqand savdogarlari savdo ishlari bilan borgan joylarida yashovchi halqlar orasida olib borgan bir-biridan nafis mollari tufayli ma’lum va mashhur bo‘lishgandir…
XIV asrda Yevropa va Osiyo xalqlarini mo‘g‘ullarning 200 yillik zug‘umidan qutqargan Amir Temur ham Samarqandni o‘z davlatiga poytaxt qilib tanlagan edi. Mo‘g‘ullar zulmidan ozod bo‘lgan xalqlar Amir Temurni haqiqiy qahramon sanashgan, u haqda turli hikoyalar to‘qishgan. Amir Temurning ana shunday buyukligi Samarqandni mashhur qilgandir. Yoki Sohibqiron tomonidan bunyod qilingan bog‘lar, ulkan bunyodkorlik ishlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixoning «Kundaligi» mashhur qilib yubordimi Samarqandni?!
Yuqorida keltirilganlarning har biri ma’lum darajada Samarqandning nomini dunyoga taratgan, albatta. Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan Samarqand tuprog‘idan topib o‘rganilgan va xalqaro ko‘rgazmalarda asosiy joyni egallayotgan noyob ashyolar fikrlarimizni quvvatlaydi.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat
muzey-qo‘riqxonasi
bosh muhofizi.