Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning zarurati nimada?

 

“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunda aholini har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan.

2021 yilda aholini, 2022 yilda esa qishloq xo‘jaligini sinov tariqasida qisman ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi. Lekin to‘laqonli ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ma’lum vaqtni taqozo etishi bois bu tadbir keyinga qoldirilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni hamda shu yilning 7 oktyabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, aholi va qishloq xo‘jaligini umummilliy ro‘yxatga olish 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. Bunda dastlabki 17 kun internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilandi.

Ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etilishiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi. Ro‘yxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi belgilandi.

Mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni ham aniqlanadigan bo‘ldi. Bu aniqlash va samarali vositalarni qo‘llash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m byudjet mablag‘larining samaradorligi, sohadagi xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plami yaratilishi hisoblab chiqilmoqda.

Xuddi shu kabi ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi”ning maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanishi ko‘zda tutilmoqda va bu boradagi ishlar keng rag‘batlantiriladi. Buning uchun Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasining mablag‘lari ham yo‘naltiriladi. Shunday qilib, jarayon davomida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Maxsus ko‘rsatuv va videoroliklar namoyish etilishi, fuqarolarning xabardorligi oshirilishi maqsad qilindi.

O‘zbekistonda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan edi. So‘nggi 36 yilda bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi. Biroq to‘laqonli ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ma’lum vaqtni taqozo etishi bois bu tadbir o‘tkazilishi keyinga qoldirilgan edi.

Bunga birinchi sabab aholini ro‘yxatga olish ba’zilar o‘ylaganidek, aholi sonini aniqlashdangina iborat emas. Bu jarayonda mamlakat iqtisodiy tuzilmasining barcha jihatlari, ijtimoiy sohadagi muammolar bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plash ko‘zda tutilganligi bo‘ldi.

Ikkinchidan, shaxslarning iqtisodiy xususiyatlariga doir ma’lumotlarni to‘plash bu boradagi asosiy zarurat ekanligini e’tiborga olishimiz kerak bo‘ldi. Ya’ni, ish rejimini tuzish, mehnat bozorida ishtirok etish, samarali mehnat tizimini yaratish uchun shaxslar haqidagi ma’lumotlarni topish juda muhimdir. Bu ma’lumotlar ro‘yxatga olish jarayoni doirasida to‘plangan har bir ma’lumot aholining iqtisodiy ahvolini o‘rganish, baholashga imkon yaratishini tushunishni talab qildi.

Ro‘yxatga olish jarayonlari O‘zbekistonda internet tarmog‘i orqali, planshet va qog‘oz usullarida tashkil etiladi. Sinov jarayonlarida planshet usulida aholini ro‘yxatga olish qog‘oz usuliga nisbatan qulayligi, tezkorligi va iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanini ko‘rsatdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish ishlariga sarflanadigan mablag‘ miqdori aholi jon boshiga o‘rtacha 3 AQSh dollaridan to‘g‘ri kelishi mumkinligi aytilgan edi. Bu xarajatlar davlat byudjetidan qoplanishi ham belgilandi.

Tarixiy demografik jarayonlarni ilmiy jihatdan o‘rganishning tahlili va natijalari ifodalaydiki, aholini ro‘yxatga olish natijalari jamiyatimizni yanada kuchaytirishga imkoniyat yaratadi. Hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi. Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi. Shu sababli sinov natijalari va ilg‘or davlatlar tajribalari asosida ro‘yxatga olish jarayonlarini qog‘oz usulidan voz kechib, internet tarmog‘i orqali va planshet qurilmalaridan keng foydalangan holda o‘tkazish ustida ish olib borilmoqda. Asosiy tadbirni mukammal va sifatli o‘tkazish uchun Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Sharof Abdiyev,  

viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i.

Rahimjon Yusupov,

SamDU dotsenti, tarix fanlari nomzodi.