Tog‘ bag‘ridagi oltin ne’mat

Tog‘ bag‘rida joylashgan Urgutning eng shirin ne’mati uzum va mayizdir. El orasida bekorga “Urgut mayiziga novvot teng kelmas”, degan ibora yurmaydi. Chunki bu yerda yetishtirilgan uzumning ta’mi va sifati, uni quritish uslubi boshqa hududlarnikidan farq qiladi.

Urgut iqlimi uzum va mevani quritishga juda qulay: quyoshli kunlar ko‘p, havo mo‘’tadil va tog‘ shamollari barqaror. Shu sababli uzum va mayizchilik tuman iqtisodiyotining drayverlaridan biriga aylangan.

Bu yerda 30 dan ortiq uzum navlari parvarish qilinadi. Ular orasida, ayniqsa, “Oq kishmish”, “Qora kishmish”, “So‘g‘diyona”, “Husayni”, “Rizamat ota”, “Toyifi”, “Qorajanjal”, “Doroyi”, “Chillaki”, “Shakarangi”, “Baxtiyor” kabi navlar xaridorgir hisoblanadi. “Chillaki”, “Doroyi”, “Toyifi”, “Shakarangi”, “Husayni” kabi navlardan xo‘raki, “Qora muskat”, “Oq muskat”, “Bayon shirin”dan vino va sharbat, “Oq kishmish”, “Qora kishmish”, “Qorajanjal”dan mayiz tayyorlanadi. 

Urgutda mayiz tayyorlashning bir qancha usullaridan foydalaniladi. Masalan, ilgari hududlarda uzum somonli loy bilan suvalgan tom yoki ochiq maydonlarda yoyilib, quyosh nuri ostida bir hafta-o‘n kun davomida quritilgan. Bu usul mahsulotning tabiiy rangi va shirasini saqlagan. “Objo‘sh mayiz” shu tariqa tayyorlangan. 

Hozirda bu usul birmuncha takomillashdi: uzum dastlab maxsus eritmada — kaustik soda aralashtirilgan qaynoq suvga 3–6 soniya cho‘ktiriladi. Keyin sovuq suvda chayib olinadi. Bu jarayonda uzum po‘stlog‘ida mayda yoriqlar hosil bo‘ladi va bu mahsulot tez qurishiga yordam beradi. Quritish jarayoni 10 kuncha davom etadi. Bu usulda tayyorlangan mayizning rangi tilladek tovlanib, tarkibidagi tabiiy shira saqlanib qoladi, ta’mi esa nihoyatda xushxo‘r bo‘ladi. 

“Kalifor” usulida uzum qaynatilgan suvga 3-5 soniya botirilib, so‘ngra sovuq suvda chayilib, ayvonlardagi maxsus yog‘och moslamalarda ipga osiladi. Ayvon imkon qadar shamol esib turadigan, atrofi ochiq, quyosh nuridan saqlangan bo‘lishi kerak. Moslamalarga osilgan uzum sovimasdan turib, plyonkaga o‘ralib, yarim soat davomida oltingugurt kukuni bilan bug‘lanadi va keyin ochib tashlanadi. Mayiz 7-10 kunda tayyor bo‘ladi. 

“Soyaki” usulidagi mayiz “Qora kishmish” yoki “Qorajanjal”dan tayyorlanadi. Bu usulda uzumga hech qanday ishlov berilmaydi, tabiiy holda tom va chordoqlarga, shifer va tunuka ostiga osib chiqiladi. Shu holatda mayiz tayyor bo‘ladi. 

— Bizda mayiz tayyorlash faqat uzumni quritish emas, balki san’at darajasiga ko‘tarilgan maroqli yumush hamdir, — deydi Chumchuqli mahallasida istiqomat qiluvchi mohir bog‘bon Abduhakim Shodmonov. — Har bir oq kishmish objo‘sh suvidan o‘tadi va shamol esib turadigan soyali ayvonda maxsus cho‘pdan yasalgan qurilmalarda iplarga osib quritiladi. Mayiz mavsumida qishlog‘imizga kelsangiz, barcha uy va xonadonlarda ko‘zga tashlanadigan ajoyib manzaralardan dilingiz zavqqa to‘lishi aniq. 

Urgut mayizi nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham “Premium class golden raisin” (oliy navdagi oltin mayiz) sifatida qadrlanadi. Mahalliy dehqonlar buni mayizning ko‘rinishi, sifati va mazasi bilan izohlashadi. 

Ispanza, Kamongaron, Vag‘ashti, Mo‘minobod, G‘ijduvon, Mirzabog‘lon, Chep, Chumchuqli, G‘o‘s, Ravot, Qatag‘on, Terak, Beshyog‘och, Xo‘ja Abdol kabi qishloqlar Urgutdagi eng yirik tokzorlarga ega hududlar sirasiga kiradi. Bu qishloqlardagi har bir xonadonda objo‘sh qozoni bor. Har bir oilada mayiz tayyorlash jarayoni o‘ziga xos marosimdek o‘tadi: uzumni uzish, eritmani tayyorlash, tom va so‘rilarga osib yoki yoyib qo‘yish, saralash, bozorga olib chiqish... 

So‘nggi yillarda bu sohada zamonaviy qayta ishlash korxonalari ham ko‘paymoqda “Urgut Ufa Invest”, “Spectrum Dried Fruits”, “Zuhriddin Golden Fruits” kabi korxonalar xalqaro standartlar asosida mayizni saralash, yuvish va qadoqlash jarayonlarini yo‘lga qo‘ygan. Korxonalarda asosan xotin-qizlar va yoshlar ish bilan band bo‘lib, tayyor mahsulot Qozog‘iston, Gruziya, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi.

“Lord Fruits” MChJ va “Urgut yashil olmalari” fermer xo‘jaligi tomonidan “Daladan – eksportgacha” tamoyili asosida tashkil etilgan loyiha orqali fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan 14 turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari, jumladan, uzumni qayta ishlash orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan. Loyihada ko‘plab urgutliklarning doimiy hamda kunlik va mavsumiy bandligi ta’minlangan. 

— Urgut mayizi quyosh, tuproq, iqlim va halol mehnat uyg‘unligidan yaralgan ne’matdir, — deydi “Urgut yashil olmalari” fermer xo‘jaligi rahbari Bobur Rahimov. — Shuning uchun ham mahsulotlarimizga talab va ehtiyoj doimo yuqori. Bugun urgutliklar tayyorlagan mayiz tog‘ bag‘ridan dunyo dasturxoniga yo‘l olgan haqiqiy “O‘zbekiston oltini” sifatida baholanayotgani biz uchun nihoyatda qadrlidir. 

Bugun Urgut tumanida 9713 gektar tokzor mavjud bo‘lib, shundan aholi xonadonlarida 1660 gektar, fermer xo‘jaliklarida 8053 gektar maydonda uzum yetishtirilmoqda. Mavjud hosilli uzumzorlardan 122,5 ming tonna uzum, 25,5 ming tonna mayiz olinadi. Hosildorlik gektariga o‘rtacha 150 sentnerni tashkil etmoqda. 

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda artezian quduqlari va nasos agregatlari hisobiga hosildorlik va daromadni 25-30 foizga oshirish imkoni yaratildi. 

Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, kam daromadli 2870 gektar g‘alla va 5027 gektar tamaki maydoni o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor tashkil etish belgilangan. Bu kelgusi 5 yilda qo‘shimcha 118 ming tonna uzum va meva mahsulotlari olish hamda 15794 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. 

Urgutdagi tokzorlar ham yangilanyapti. Tomchilatib sug‘orish tizimlari, shpalerli ekilmalar va invitro usulida ko‘chat yetishtirish amaliyotga joriy etildi. Bu uzum sifatini yaxshilab, hosildorlikni 20-30 foizgacha oshirish imkonini bermoqda. 

Yaqinda “Samarqand mayizi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Endi “Urgut mayizi” brendini xalqaro sertifikat bilan mustahkamlash navbati keldi. 

Har yili hosil paytida Urgutdagi qishloqlar bayram kayfiyatiga to‘ladi. Qaysi xonadonga kirmang, hovlida uzum va yangi mayizning iforini his etasiz. Bu manzara Urgut xalqining mehnati va an’anasining jonli tasviri bo‘lsa, ajabmas. 

Nusrat Boboyev.