“Ta’vilot al-Qur’on” asari 30-juzi taqdimoti bo‘lib o‘tdi: bu — kitobning o‘zbek tilidagi ilk tarjimasidir

Abu Mansur Moturidiyning Qur’oni Karim tafsiriga bag‘ishlangan mazkur kitobi tarjimasi anchadan buyon kutilgan va joriy yilda ilk bor ommaga taqdim etilgan hamda dunyoning yetakchi ulamolari tomonidan e’tirof etilgan.

Taqdimot marosimi viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, imom-xatiblar, ta’lim muassasalari talabalari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.



Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ushbu tarjima tafsirshunoslik, islomshunoslik va diniy sohadagi muhim ishlardan biri hisoblanadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, mazkur kitob tarjimonlar guruhi a’zosi Olovxon Ne’matov:

- “Ta’vilot al-Qur’on” kitobi Qur’on tafsiriga oid asar bo‘lib, islom olamida katta mavqe’ga ega bo‘lgan tafsirlar sirasiga kiradi. O‘z davrida bu asar ba’zi adashgan aqidaviy oqimlarni Qur’on ma’nolarini buzib talqin qilishdek botil tarjimalariga raddiya o‘laroq, ishonchli manbaligi bilan ham qimmatli asar deb e’tirof etilgan. Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati shundaki, u Qur’oni karim izohi bo‘yicha yozilgan dastlabki asarlardan bo‘lib, aql va naql (oyat va hadislar) nuqtai nazaridan sharhlangani bilan ajralib turadi. Asar bo‘yicha katta ilmiy izlanishlar olib borilib, uning Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni va boshqa ko‘plab nusxalari asosida 30-juzi tarjimasi amalga oshirildi va markazda nashrga tayyorlandi.

Tarjimada Imom Moturidiy qarashlarini imkon qadar yengil, o‘quvchiga tushunish oson bo‘lgan uslubda yetkazishga e’tibor qaratilgan. Qur’oni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansurning “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”dan foydalanilgan. Xalqaro moturidiyshunos olimlar doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy, professor Yusuf Shavqiy Yavuz, doktor Hamza Bakriy va boshqa ko‘plab ulamolarning tavsiyalariga asosan Bekir To‘pal o‘g‘li va Ahmad Vonli o‘g‘li tahqiqi ostida nashr etilgan nusxa tarjima ishining asosiy manbasi qilib olingan.

Taqdimotda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etilgan Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “Jomi’ ahkom as-sig‘or” kitobi va uning tarjimasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.