Metro qurilishida halok bo‘lganlarga 90 ta xatmi Qur’on bag‘ishlandi

Og‘ir kunlarda doimo bir-biriga yelkadosh bo‘lgan xalqimiz shu kunlarda metroning “Yunusobod” yo‘nalishida sodir bo‘lgan fojiada halok bo‘lgan hamyurtlarimiz oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, ta’ziya bildirishda davom etmoqda, deb yozadi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Hatto qo‘shni va olis viloyatlardan ham kelib, bunday qayg‘uli kunlarda sherik ekanliklarini izhor qilishmoqda. Savobli ishlarda peshqadam bo‘lgan diniy soha xodimlari bu ishda ham ibrat bo‘lishmoqda.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida 90 ta xatmi Qur’on o‘qilib, halok bo‘lganlar ruhi poklariga baxshida qilindi.

Xatmi Qur’onlar yakunida Yaratgan parvardigordan halok bo‘lganlarning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raldi.