Tuproqda qolgan orzular...

Sening niyating ko‘p edi. Yangi yil yaqin. Tez kunlarda uyga ketmoqchi, onangga jun paypoq olmoqchi eding. Chunki qishlog‘ing sovuq. Onangning oyog‘i sovuqqa og‘riydi. O‘ylardingki, shu jun paypoqni kiysa, onajoningning oyog‘i og‘rimay qoladi...

Sinfdoshlaring bilan kechagina Yangi yil bayramini qayerda, qanday nishonlashni kelishgan eding. Bayramga pul bera olmayotgan sinfdoshing uchun ham sen pul bermoqchilingni aytding. Sinfdoshlaring ertaroq borishingni ta’kidlashdi. Endi ular seni bir umr kutishadi...

Sevgan qizing ertalab xabar yuborgandi: “Men ham siz bilan bu yil o‘qishga topshiraman, shaharni aylantirasiz-a? Axir siz Toshkentni yaxshi bilasiz-ku!?”. Unga javob yozding: “Ha, birga o‘qishga topshiramiz. Men senga o‘zimiz qurgan metroni ko‘rsataman. Xuddi kinolardagidek”. Endi u qiz metroga umuman tushmaydi...

O‘tgan kuni otang bilan gaplashganingda: “Bayramga nima olib boray?” deding. Otang: “O‘zing sog‘-omon kelaver o‘g‘lim, hech narsa kerakmas” dedi...

Ertalab turib, ishga otlanding. Ish yer tagida. Qalbingda cheksiz orzular. Xayolingga hech yomon narsa kelmadi. Ko‘nglingda seni kutayotganlar bor edi: onang, otang, sevgiling, sinfdoshlaring... Ammo nimadir “gurs” etdi. Hammayoq qop-qorong‘u bo‘lib ketdi. Endi hammasi tugadi(mi?)...

Furqat ALIMARDON.