Deputat boshqarmaga so‘rov yubordi
Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga ekologik muammolar yuzasidan deputat so‘rovi yuborildi.
Mamlakatimizda ekologik muhitni yaxshilash va atrof-muhit musaffoligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, fuqarolar bilan olib borilayotgan muloqotlar davomida ayrim korxonalar faoliyatidan norozilik bildirayotgan murojaatlar soni ortib boryapti.
Xususan, aholi tomonidan atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, ekologik talablarni qo‘pol ravishda buzayotgan ayrim ishlab chiqarish sub’yektlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab chiqishlar qilinyapti.
Mazkur holatlar “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda “Yer kodeksi” talablari buzilayotganligini ko‘rsatmoqda.
O‘rganishlar natijasida Bulung‘ur, Toyloq va Urgut tumanlarida faoliyat yuritayotgan ayrim korxonalarda ishlab chiqarish uchun berilgan ruxsatnomalar talablari hamda ekologik me’yorlarga rioya etilishi holatini chuqur o‘rganish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Ayrim korxonalarda ekologik ekspertiza xulosalarida belgilangan talablar bajarilmayotgani, tabiiy resurslardan oqilona foydalanilmayotgani hamda atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatilayotgani aniqlanyapti.
Mazkur masala yuzasidan 31-Saroyqo‘rg‘on saylov okrugidan saylangan deputat N.Yarmuhammedova tomonidan vakolatli tashkilotlarga rasmiy so‘rov yuborildi. Unda tegishli korxonalar faoliyatini qonuniylik nuqtai nazaridan o‘rganish, ekologik talablar ijrosi yuzasidan 10 kun muddatda tekshirish o‘tkazish va natijalari bo‘yicha yozma axborot taqdim etish so‘ralgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, deputat so‘roviga belgilangan muddatlarda javob taqdim etilishi lozimligi eslatib o‘tilgan. Ushbu nazorat tadbirlari atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini asrash hamda ekologik qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.