FVV: 6 nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi, ularning ikki nafari Samarqand viloyatidan

Avval xabar qilinganidek, Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida favqulodda vaziyat vujudga kelgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi.

FVV xabariga ko‘ra, voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida kecha va bugun 6 nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi va ularning shaxsiga aniqlik kiritildi:

1. 1989 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati, Shaxrisabz tumani, Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan fuqaro Abdullayev Oybek To‘ra o‘g‘li;

2. 1989 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati, Shaxrisabz tumani, Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan fuqaro Ravshanov Jonibek Islom o‘g‘li;

3. 1999 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati, Shaxrisabz tumani, Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan fuqaro Abdullayev Davronbek Botirovich;

4. 1986 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida istiqomat qilgan fuqaro Diyorov Anvar Normurodovich;

5. 1996 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani, Farmonobod qishlog‘ida istiqomat qilgan fuqaro Raxmatov Ixtiyor Amriddin o‘g‘li;


6. 1981 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida istiqomat qilgan fuqaro Karimov Zarif To‘lqinovichdir.

Hukumat komissiyasi tomonidan jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga barcha zarur moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Vazirlik rahbariyati va barcha shaxsiy tarkibi nomidan hodisa oqibatida qurbon bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiriladi.

«Zarafshon» gazetasi tahririyati hamda Zarnews.uz sayti jamoasi hodisa oqibatida qurbon bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.