Oylik qanday o‘tdi? Yoki viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlari maxfiymi?

Favqulodda vaziyat — bu muayyan hududda o‘zidan so‘ng odamlarning qurbon bo‘lishi, odamlar sog‘lig‘i yoki atrof-muhitga ziyon yetkazishi, kishilarning hayot faoliyatiga kattagina moddiy zarar hamda uning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, stixiyali ofat, epidemiyalar, epizootiyalar natijasida yuzaga kelgan holatdir.

Bularni sanashimizdan maqsad ofat yoki ko‘ngilsizlik faqat biz bilgan, ko‘rgan yoki eshitganimiz bilan chegaralanmaydi. Shunday ekan, ularni bilish, keltiradigan zarari haqida tushuncha va tasavvurga ega bo‘lish foydadan xoli bo‘lmaydi. Viloyatda bu turdagi hodisalar qanchasi ro‘yxatga olingan, oqibatlari qanaqa? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Ismoilovga murojaat qildik.

- Ilhom aka, yong‘in sodir bo‘lganda, aksariyat hollarda fuqarolar favqulodda vaziyatlar xodimlari vaqtida yetib kelmaganidan noliydi. Bunga sabab nima, yong‘in sodir bo‘lgan joyga qancha vaqtda yetib boriladi?

- Keyingi paytda uylarda, ko‘p qavatli bino va avtomobillarda yong‘inlar ko‘p sodir bo‘lmoqda. Buning asosiy sababi yong‘in xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik bo‘lmoqda. Favqulodda vaziyatlar bo‘limlariga yong‘in haqida xabar kelib tushgandan so‘ng hududning masofasiga qarab, yaqin atrofdagi yong‘in o‘chirish bo‘limiga xabar qilinadi. Bo‘limlarda texnika va yong‘in o‘chirish vositalari shay holatda bo‘ladi va 45 sekundda belgilangan hudud tomon harakatlanadi. Avtomashinalarning harakatlanish tezligi 40-45 kilometr bo‘lib, hudud masofasiga qarab yetib boriladi.

To‘g‘ri, ba’zi hollarda fuqarolar yong‘in sodir bo‘lganda favqulodda vaziyatlar xodimlari vaqtida yetib kelmaganidan shikoyat qiladi. Bunda xodimlarning aybi yo‘q. Aslida ular belgilangan me’yor asosida ish olib boradi. Hozirgi kunda yo‘llardagi tirbandliklar, ko‘chalarning ta’mirtalabligi va aholi tomonidan turli sun’iy yo‘l belgilarining o‘rnatilishi, shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgandab fuqarolar tomonidan o‘zi o‘chirishga urinish yoki noto‘g‘ri manzilga xabar qilish natijasida ham bunday holatlar kuzatiladi.

- Keyingi paytda o‘zini favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi sifatida tanishtirib, qandaydir xizmati uchun fuqarolardan pul olayotgan firibgarlar uchramoqda. Viloyatda shu kabi holatlar kuzatildimi va bunday holatlarda nima qilish kerak?

- Kuz-qish mavsumida aholi orasida, ayniqsa, tumanlarda maxsus kiyim-bosh kiyib yurgan yoki shu kiyimga juda o‘xshash libos kiygan shaxslar o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan noqonuniy pul yig‘ish holatlari kuzatilmoqda.

Bu harakatlar asosan nomida «yong‘in», «olov», “qarshi kurash”, «xavfsizlik», «himoya» kabi so‘zlar bo‘lgan va yong‘inning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan amalga oshirilayotgan ma’lum bo‘lgan.

Shuni eslatib o‘tish kerak, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq biron bir to‘lov qonunchilikda mavjud emas. Agar shunday holatlar kuzatilsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish lozim.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209¹-moddasiga ko‘ra, formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik belgilangan.

- 15 noyabrdan 15 dekabrga qadar respublikamizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” e’lon qilindi. Bu borada viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tashkilotlar tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Viloyatda favqulodda holatlarning oldini olish va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida haftaning chorshanba va shanba kunlari profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, yong‘inlar va is gazi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish maqsadida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida profilaktik tadbirlar olib borilib, tegishli idora va tashkilotlardan 780 nafar vakil jalb etilgan.

Jumladan, oylik doirasida viloyat hududidagi 974 ta davlat tasarrufidagi hamda 265 ta tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli obektlarda,  519 ta davlat va 213 ta yangi qurilish obektlarida belgilangan tartibda tekshiruvlar hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Natijada yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida 13 ming 520 ta kamchilik yuzasidan ob’yekt rahbarlariga yozma ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, mahallalar, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’yektlariga qarashli obektlar, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda davolash muassasalarida shifokorlar hamda ishchi-xizmatchilar bilan birgalikda is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasi chaqnashi hamda oziq–ovqat mahsulotlaridan zaharlanish, botulizm va quturish kasalliklari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.

- Oylik doirasida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida hududlarda qanday kamchiliklar aniqlandi?

- Ob-havoning keskin sovushi, kuz-qish mavsumida olib borilgan profilaktik tadbirlar hamda oylik doirasida o‘tkazilgan tekshirish va o‘rganishlar davomida mahallalarda, ko‘p kvartirali uy-joylarda hamda iqtisodiyot tarmoqlarida tegishli mas’ul rahbarlar tomonidan o‘z hududlarida yong‘in xavfsizligi talablarga rioya etilmaganligi aniqlandi.

Jumladan, ko‘p kvartirali uylarda o‘tkazilgan tekshiruvlar xizmat ko‘rsatish ishlarini olib borgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan ko‘p kvartirali uy-joylarda texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi.

Viloyatda aholi yashash punktlarida yong‘in o‘chirishga mo‘ljallangan 2330 ta yong‘inga qarshi suv havzalari mavjud bo‘lib, bugungi kunda 290 tasi nosoz va 768 tasi suv bilan to‘ldirilmagani kuzatildi, 1372 ta yer osti suv (gidrant) olgichlardan 240 tasi nosoz holatda.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti, O‘zbekiston-Finlandiya pedogogika instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti,  Samarqand davlat universiteti,  Samarqand davlat arxitektura va qurilish universiteti hamda Samarqand davlat iqtisodiyot va servis institutiga qarashli yotoqxonalarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan va binolarda o‘rnatilgan yong‘in signalizatsiyalari, evakuatsiyani boshqarish tizimlari nosoz holatda va binolarda rejali-ogohlantiruv ta’mirlash ishlari olib borilmagan.

P.S: “Oldini olish”. Bu jumla Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 60 marta qo‘llanilgan. Demak, favqulodda vaziyatning oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, uning oldini olish birlamchi masala. Mazkur masalada mas’ul boshqarmaga rasmiy murojaat bilan chiqib, ayrim savollarimizga javob ololmadik.

Xususan, “Yil boshidan buyon viloyatda qancha yong‘in sodir bo‘lgani, is gazidan zaharlanish kuzatildimi-yo‘qmi?” degan savolimiz javob xatida ochiq qoldirilgan. Yana savol tug‘iladi, statistik raqamlar ochiqlanmas ekan, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldi qay tariqa olinadi?

Aytmoqchi bo‘lganimiz, statistika ochiqlansa, jamoatchilik yanada sergak va hushyor bo‘lmaydimi? Axir butun dunyoda odamlarga ma’lumot berish orqali muammoning oldi olinadiku!

Fazliddin RO‘ZIBOYeV suhbatlashdi.