FVB xodimi pora bilan qo‘lga tushdi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tuman bo‘limlarining birida bo‘linma boshlig‘i lavozimida ishlovchi katta leytenant “K.N.”ning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, respublikamizda yuzaga kelgan elektr energiyasi va yonilg‘i tanqisligining oldini olish uchun ishchi guruh tuzilib, narx-navolar nazoratga olingan. Ushbu vaziyatda FVB xodimi mahalliy tadbirkordan favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligi yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarni ijobiy hal qilib berish evaziga doimiy ravishda, shaxsiy avtomobiliga yoqilg‘i quydirib, pul mablag‘larini pora tariqasida olib kelgan.
Joriy yilning 28 yanvar kuni “K.N.” tadbirkordan 1 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini pora sifatida olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda xodim “N.K.”ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.