Xalqaro kuchlar G‘azoda: tinchlikka qadammi yoki yangi xavf-xatar manbai?
BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh tomonidan taklif etilgan G‘azoda Xalqaro stabillashtirish kuchlarini (XSK) joylashtirish rejasini ma’qulladi.
Rezolyusiya Tramp ma’muriyatining HAMASni qurolsizlantirish, sektorni demilitarizatsiya qilish va mintaqada yangi boshqaruv tartibini o‘rnatishga qaratilgan yangilangan siyosiy rejasiga teskari. Loyihaga ko‘ra, G‘azoga asosan musulmon mamlakatlaridan iborat harbiy kontingent kiritilishi, ular esa otashkesimni nazorat qilish, xavfsizlikni ta’minlash va HAMASni qurolsizlantirish vazifasini bajarishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, G‘azoda texnokratlar hukumati tashkil etilib, uning faoliyati AQSh ta’siridagi qandaydir “Xalqaro tinchlik Kengashi” tomonidan muvofiqlashtiriladi. Infratuzilmani tiklash ishlarini mahalliy mutaxassislar amalga oshirishi, moliyaviy mablag‘lar esa boy Arab davlatlari tomonidan ajratilishi nazarda tutilgan.
Ammo rejaning amalga oshirilishi bir qator jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi. Birinchi navbatda, XSKning vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmagani ularning mojaro o‘rtasida nomuayyan sharoitda qolishiga sabab bo‘ladi. Qo‘shinlar AQSh siyosatiga bog‘liq bo‘lgan strukturaga bo‘ysunishi, amaldagi qarorlar Vashington manfaatlariga mos tarzda qabul qilinishi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, XSK Isroil bilan yaqin hamkorlik qilishga majbur bo‘ladi, bu esa ularni mojaroning bir tomoni sifatida ko‘rsatib qo‘yishi xavfini oshiradi.
Isroil xalqaro kuchlardan G‘azodagi harbiy infratuzilmani — tonnellar, omborlar va raketalar o‘q otish nuqtalarini — to‘liq yo‘q qilishni talab qilmoqda. Bunday vazifalar xalqaro kontingentni juda xavfli operatsiyalarga tortadi. Bir vaqtning o‘zida HAMAS BMT rezolyusiyasini rad etib, qurolini topshirishdan bosh tortdi. Demak, XSK missiyasining amalga oshishi qiyin, chunki bir tomonda Isroilning qattiq talablari, ikkinchi tomonda esa HAMASning keskin qarshiligi.
Mintaqadagi notinch vaziyat xalqaro kuchlarni har lahza mojaroga tortib ketishi mumkin. Agar XSK HAMASga qarshi harakat qilsa, ular Isroil bilan bir tarafda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchiga aylanadi. Agar aralashmaslikka urinsa, Isroilning navbatdagi harbiy amaliyotlari davomida ular o‘q ostida qolishi ehtimoli katta. Bunday vaziyatda missiya ishtirokchilari nafaqat harbiy, balki siyosiy xavfga duch keladi: mahalliy aholi ularni himoyani ta’minlay olmagan kuch sifatida qabul qilishi mumkin.
Shu bilan birga, AQShning Isroilga cheklanmagan diplomatik yordami va himoyasi Tramp ma’muriyati davrida keskin kuchaygani mintaqada har qanday xalqaro kuchlar faoliyatini yanada murakkablashtiradi. Ba’zi davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni bu loyihani qo‘llab-quvvatlash evaziga "F-35" samolyotlari va yadro energetikasi bo‘yicha hamkorlik kabi strategik imtiyozlar olishi mumkin. Biroq bunday foyda siyosiy va harbiy xatarlar bilan solishtirganda ancha tor doiradagi manfaat hisoblanadi.
Mavjud vaziyatda XSKning G‘azoda joylashtirilishi tinchlikka olib keladimi yoki mojaroni yanada chuqurlashtiradimi? Bu hozircha ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Keskinlik, manfaatlar ziddiyati va har ikki tomonning murosadan uzoq turgani xalqaro missiyani juda xavfli, siyosiy jihatdan og‘ir va amaliy bajarilishi qiyin loyihaga aylantirmoqda.
G.Xoldorova tayyorladi.