G‘azoda tinchlik sari: Tramp barchani tez harakat qilishga chaqirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodagi urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarda ishtirok etayotgan barchani tez harakat qilishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlari HAMAS va jahonning turli mamlakatlari bilan ijobiy muzokaralar bo‘lib o‘tgan.
«Bu muzokaralar juda muvaffaqiyatli o‘tdi va jadal sur’atda davom etmoqda. Texnik guruhlar dushanba kuni Misrda qayta yig‘ilib, oxirgi tafsilotlarni muhokama qiladi. Birinchi bosqich shu hafta yakunlanishi kerak, shuning uchun barchadan tez harakat qilishni so‘rayman», — deydi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq Tramp jurnalistlar bilan suhbatda, isroillik garovdagilar juda yaqin vaqtda ozod etiladi, deb aytgan.
Bugun G‘azoni vayronaga aylantirgan ikki yillik mojaroni tugatish bo‘yicha Isroil va HAMAS muzokaralari kutilmoqda.
Muzokaralarda asosiy vositachi bo‘lgan Misr, har ikki tomon delegatsiyalarini qabul qilib, isroillik garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashish imkoniyatlarini muhokama qilishini ma’lum qildi.
Amsterdamda esa G‘azo xalqiga hamdardlik bildirish va urushni darhol to‘xtatishni talab qilib yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi.