Rossiyaga qarshi "qaqshatqich" sanksiyalar loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Qozog‘iston «oltin vizalar» joriy etmoqda. Suriya Isroil bilan tinchlikka erishishga tayyor

🔹 70 dan ortiq AQSh senatori Rossiyaga qarshi "og‘ir" sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Ular Moskva tinchlik muzokaralaridan voz kechsa joriy etiladi.
🔹 Qozog‘iston iqtisodiyotiga katta mablag‘ sarflagan xorijlik shaxslar "altin vizalar" olishlari mumkin — bu vizalar ularga mamlakatda 10 yilgacha bo‘lgan vaqt davomida yashash huquqini beradi. Shunday vizani olish uchun xorijlik 300 ming dollardan kam bo‘lmagan miqdorda pulni Qozog‘iston kompaniyalariga yoki mahalliy qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilishi kerak.
🔹 Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa, Donald Trampning elchilariga Isroil bilan tinchlik bitimi imzolashga tayyorligini ma’lum qildi. Ammo hozircha Suriya o‘zining tashqi siyosatini qanday o‘zgartirishga tayyorligi va Isroil bilan tinchlikka erishish yo‘lida qanday qadamlar tashlanishini aniq aytish qiyin.
🔹 Janubiy Koreya prezidentlik saylovlariga yaqinlashgan sayin siyosiy sarosima fazasiga kirmoqda: ijro etuvchi prezident Xan Dok Su o‘z iste’fosini e’lon qildi. Bu qaror «inqirozni yengish uchun barcha ishlarni amalga oshirish zarurati» tufayli qabul qilingan. Xan o‘z bayonotida mamlakatga hamkorlik yo‘li bilan yurish yoki ijtimoiy bo‘linishni kuchaytirish o‘rtasida tanlash kerakligini ta’kidladi. U 3 iyunda bo‘ladigan prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida chiqishi mumkin.
🔹 Teslaning direktorlar kengashi milliarder Ilon Maskni almashtirish uchun yangi bosh direktor izlamoqda. Elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbariyati Tesla aksiyalarining qiymati tushib ketishi va investorlar Maskning Oq uyda ko‘p vaqt o‘tkazishidan norozilik bildirishlari ortidan, bir oy avval Maskka o‘rinbosar topishga qaror qilishgan.
🔹 Bugun Eronda 5,0 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila oqibatida 3 kishi jabrlangan. Kichik vayronagarchilik kuzatilgan.
🔹 Bugun Buyuk Britaniyada mahalliy saylovlar o‘tkaziladi.
🔹 Keniya parlamenti deputati Charlz Ongondo Vere Nayrobida otib o‘ldirilgan.
🔹 Ukraina tomoni muammoni hal qilish uchun hududiy yo‘qotishlarga borishga tayyor, lekin buni yuridik jihatdan e’tirof etishni xohlamaydi. AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellog Fox News telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi. "Ukrainaliklar Rossiya amalda bosib olgan hududlarni berishga tayyor, garchi buni qonuniy jihatdan tan olmasalar ham. Ular bu variantga rozi. O‘tgan hafta ular menga bu kelishuvni muhokama qilishganini aytishdi. Ular o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor”, deydi u.
🔹 AQSh va Ukraina foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Bu kelishuv orqali Vashington 350 milliard dollardan ortiq mablag‘ olishi mumkin, deya ma’lum qiladi AQSh Moliya vazirligi. Bugun Ukraina Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Qo‘shma Shtatlar bilan qo‘shma investitsiya fondini tashkil etishni nazarda tutuvchi mineral resurslar bo‘yicha kelishuv imzolanganini tasdiqladi. Tomonlar Ukraina hududida foydali qazilmalarni birgalikda qazib olishadi.
🔹 Bugun, 1 may 150 mamlakatda Xalqaro mehnatkashlar kuni bayrami sifatida nishonlanmoqda. Bu sana XIX asrda, 1886 yil 1 mayda Chikago ishchilarining talablari bilan boshlangan, ular ish kunini 15 soatdan 8 soatga qisqartirishni talab qilgan. Bu kun MDH davlatlaridan Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada dam olish kuni hisoblanadi.
G.Xoldorova tayyorladi.