Istanbulda ketma-ket beshta zilzila. Zelenskiy hududlarni berishdan bosh tortishi ortidan London muzokaralari buzildi. HAMASda yangi tinchlik rejasi. AQShda giyohvandlikka qarshi grantlar bekor qilindi

🔹 Istanbulda bir soat ichida 3,9 balldan 6,2 ballgacha ketma-ket beshta zilzila sodir bo‘ldi, 200 nafarga yaqin kishi jarohatlangan. Butun 15 millionlik Istanbul ko‘chaga chiqqan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on xavotir bildirib, rasmiylar vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini ta’kidladi.  Shahar gubernatori zilziladan keyin elektr tarmoqlari va suv quvurlarida muammo yuzaga kelmagani, qulashlar ro‘y bermaganini aytdi.

🔹 HAMAS Qohirada bo‘lajak muzokaralar chog‘ida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishning yangi taklif rejasini taqdim etmoqchi. Taklif falastinlik mahbuslarning kelishilgan soni evaziga bir bosqichda qolgan barcha isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, Isroil mudofaa kuchlarini G‘azo sektoridan olib chiqish, barcha jangovar harakatlarni to‘xtatish va gumanitar yordamning to‘siqsiz kirib kelishidan iborat.

🔹 Kiyev o‘z hududining bir qismini Rossiyaga berish masalasini muhokama qilishdan bosh tortgani haqida The Washington Post xabar berdi. So‘ng Buyuk Britaniya hukumati tashqi ishlar vazirlari darajasida Ukraina bo‘yicha London muzokaralari noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi. Bugun Britaniya poytaxtida AQSh, Buyuk Britaniya, Ukraina, Fransiya va Germaniya TIVlari uchrashuvi o‘tishi kerak edi, biroq Rossiya-Ukraina mojarosini «tartibga solish» quyi darajadagi rasmiylarga qoldi. Kecha Ukraina prezidenti Zelenskiy Qrimni Rossiyaniki deb tan olishdan bosh tortgach, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Londonga safarini bekor qilgan.

🔹 Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi «Russkiy dom» korxonasi xodimi Natalya Sekerina va yana ikki kishi qo‘lga olingan. Ular Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashish uchun odam yollashda gumon qilinmoqda. Qirg‘iziston Jinoyat kodeksida ushbu jinoyati uchun 15 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

🔹 AQSh o‘tgan hafta Parijda Amerika taqdim etgan tinchlik taklifiga yaqin o‘rtada Ukrainadan rasmiy javob kutmoqda. Hujjat mazmuni bilan tanishlarning aytishicha, bu bitim Trampning “yakuniy taklifi”. Hujjat bor-yo‘g‘i bir varaqdan iborat, lekin Kiyev uchun o‘ta nozik shartlarni – Qrimning Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi va 2022 yil fevralidan buyon bosib olingan deyarli barcha hududlarning ishg‘ol qilinganini amalda tan olishi kabi shartlarni o‘z ichiga oladi.

🔹 Rosgvardiya generali Mixail Varentsov o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanib, Moskvada hibsga olingan.

🔹 AQSh Adliya vazirligi jamoat tashkilotlari va mahalliy hukumatlarga berilgan yuzlab grantlarni bekor qildi. Bekor qilinish o‘qotar qurollardan foydalanish bilan zo‘ravonlikning oldini olish, jinoyat qurbonlariga yordam berish va giyohvandlikka qarshi kurashish dasturlariga ta’sir ko‘rsatdi.

🔹 Tesla birinchi chorakda 71 foiz sof foydasini yo‘qotgan. Kompaniyaga Tramp joriy qilgan tariflar ham zarar yetkazgan. Qolaversa, Xitoyda bugun ochilgan xalqaro 21-Shanxay avtomobil sanoati ko‘rgazmasiga Tesla uchinchi bor qatnashmayapti.

G.Xoldorova tayyorladi.