NNTlar bu yil yanada faolroq bo‘lishi kerak
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda deputatlar, komissiya a’zolari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyati tushuntirildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi F.Toshev tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026 yildagi ijrosini ta’minlashga qaratilgan Davlat dasturi loyihasi xususida yig‘ilganlarga tushuncha berdi.
Murojaatnoma, qolaversa, davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki qay tartibda bo‘lishi haqda fikr-mulohazalar bildirildi.
-O‘tgan yili Jamoat fondi moliyaviy ko‘magida viloyatda bir qator amaliy ishlar bajarildi, - deydi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Doston Malikov. – Xususan, Bulung‘ur tumanida axborot-kutubxona markazi bunyod etildi. Parlament komissiyasining yig‘ilish qaror bilan viloyat aholisini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash markazi Toyloq tumanidagi Chorvoqtepa, Bachki, Xo‘jayuz qishloqlari, Taraqqiyot, Chorvoqtepa va Xo‘jayuz mahallalaridagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi g‘olibi deb topildi va belgilangan tartibda 450 million so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, Parlament komissiyasining qarori bilan Jomboy tumani tibbiyot birlashmasi negizida 6 o‘rinli bolalar reanimatsiyasi bo‘limini tashkil etish bo‘yicha Jomboy tumani A.Qurbonov nomli fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organining 3 milliard so‘mlik “Sog‘lik - tuman boylik” nomli loyihasi g‘olib deb topildi. Va belgilangan tartibda 3 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Ushbu loyiha to‘liq moliyalashtirildi.
Bu yil shu kabi ijtimoiy buyurtmalar, davlat grantlari soni yanada oshishi, faqat NNTlar tomonidan loyihalar yanada ko‘proq va keng qamrovli bo‘lishi haqda aytildi. Tegishli masalalar bo‘yicha viloyat adliya, moliya boshqarmasi, shahar hokimligi mutasaddilarining hisobotlari tinglandi.