Ukraina–AQSh muzokaralari yangi tinchlik rejasiga asos bo‘ldi
Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan qator yopiq muzokaralardan so‘ng Ukraina va AQSh yangilangan tinchlik rejasi loyihasini tayyorladi.
Oq uyning ta’kidlashicha, Ukraina bo‘yicha har qanday kelgusi kelishuv mamlakat suvereniteti to‘liq hurmat qilinishi asosida shakllanishi shart.
Ukraina rasman AQShga va Donald Trampga urushni to‘xtatish va insonlar hayotini saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Tomonlar yaqin kunlarda detallar ustida ishni davom ettirish va Yevropa hamkorlari bilan pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga kelishib olgan.
Manbalarga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy shu hafta Vashingtonga tashrif buyurib, kelajak kelishuvining eng nozik tomonlarini Tramp bilan bevosita muhokama qilishi mumkin. Yakuniy qaror ikki prezident ixtiyorida bo‘ladi.
Donbass va NATO - muzokaralarning asosiy to‘siqlari
Ukraina OAVga ko‘ra, Jenevadagi muzokaralarda ikki eng bahsli masala — Ukraina Qurolli Kuchlarining Donbassdan chiqarilishi va mamlakatning NATOga kirish yo‘li — kelishuvning asosiy to‘xtagan nuqtalari bo‘lgan.
Bu mavzular Zelenskiy va Trampning shaxsiy uchrashuvi chog‘ida, shu yoki kelasi haftada kutilayotgan muzokaralarda hal etilishi kutilmoqda.
Shunga qaramay, boshqa yo‘nalishlarda siljish bor: Qurolli Kuchlar soni, "Zaporoje" AESi, asirlar almashinuvi va mahkumlarni qaytarish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishilgani aytildi.
AQShdan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha yangi hujjat
Ukraina nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Vashington Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olgan alohida hujjatni taqdim etgan. Unda quyidagi uch asosiy band mavjud:
- Rossiya qayta hujum boshlasa, AQSh prezidenti Amerika qurolli kuchlari va razvedkasini jalb qilish huquqiga ega bo‘ladi.
- NATO — Fransiya, Britaniya, Germaniya, Polsha va Finlandiya bilan birgalikda AQSh bilan sinxron harakat qilish majburiyatini oladi.
- kafolatlar 10 yil muddatga mo‘ljallangan.