Fuqarolarga kuch ishlatgan sobiq IIB xodimining ishi sudda ko‘rildi

Xodim ko‘chadagi janjal bo‘yicha chaqiruvdan so‘ng fuqarolarni qonuniy asoslarsiz ichki ishlar binosida ushlab o‘tirgan va ularni urgan.

Samarqand viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sobiq ichki ishlar xodimi S.E.ga nisbatan chiqarilgan hukmni ko‘rib chiqib, uni o‘z kuchida qoldirdi. Ish materiallariga ko‘ra, sobiq xodim o‘z xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini qo‘pol ravishda buzgan.

Ma’lum bo‘lishicha, S.E. ko‘chadagi janjal bo‘yicha chaqiruvdan so‘ng fuqarolarni qonuniy asoslarsiz ichki ishlar binosida ushlab o‘tirgan. Natijada, o‘zlariga nisbatan qilinayotgan qonunsiz harakatlardan norozi bo‘lgan J.N., T.B. va N.B.lar e’tiroz bildirishib, uning qonunsiz xatti-harakatlarini o‘zlarining uyali telefonlariga tasvirga olishmoqchi bo‘lishgan. S.E. bunga faol qarshilik qilib o‘ziga qonun bilan berilgan hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan holda qo‘l va oyog‘i bilan ularni urib, T.B. ning uyali telefonini tortib olib, jinoiy harakatlari oshkor bo‘lishining oldini olish maqsadida telefon xotirasidan videotasvirni o‘chirib tashlagan.

IIB xodimi o‘ziga berilgan davlat vakolatidan fuqarolarni himoya qilish uchun emas, balki ularni qo‘rqitish va jismoniy azob berish yo‘lida foydalangan.

Birinchi instansiya sudi S.E.ni aybdor deb topib, uni muayyan muddatga ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan va unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Sudlanuvchi va uning advokati jazoni yengillashtirishni so‘rab qilgan murojaati (ichki ishlar tizimiga qaytish bo‘yicha taqiqni bekor qilish)da S.E.ning qilmishidan pushaymonligini va oilaviy sharoitini vaj qilib ko‘rsatgan.

Lekin ushbu instansiyada uning talabi qondirilmadi. Viloyat sudi Samarqand shahar sudining hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.