Ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan mablag‘lar bekor qilindi
O‘tgan yili chiqindi tashish xizmatlari uchun o‘zbekistonliklarning umumiy qarzi 622,7 milliard so‘mga yetdi.
Respublika Chiqindilarni boshqarish agentligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, «Toza makon» yagona billing tizimi 2025 yilda mahallalarning 87 foizini qamrab olgan. Mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 9452 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 8105 tasida sanitar tozalash xizmati ko‘rsatilishi monitoring qilindi. Ushbu hududlarda 23,9 million aholi, ya’ni O‘zbekiston aholisining 64 foizi istiqomat qiladi.
Yil davomida aholi chiqindi tashish xizmatlari uchun jami 1 trillion 304 milliard so‘m to‘lov qildi. Bu hisoblangan umumiy to‘lovlarning 90 foiziga teng. Biroq oldingi yillarda to‘lanmagan mablag‘larni inobatga olganda, umumiy qarz hajmi sezilarli darajada oshgan.
Shu bilan birga, billing tizimida amaliy jihatdan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 milliard so‘mlik qarz bekor qilindi. Bu chora aholining asossiz qarzdorligini kamaytirish va hisob-kitoblarda shaffoflikni oshirishga qaratilgan.
Tizimdagi abonentlar soni 7,3 millionga yetdi. Ularning katta qismi kadastr raqami va jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari orqali ro‘yxatga olingan. Bu hisob-kitoblarni aniqlashtirish va xizmat sifatini nazorat qilish imkonini berdi.
2025 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, sanitar tozalash sohasiga kiritilgan xususiy investitsiyalar hajmi 386,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Korxonalar maxsus texnika, konteynerlar, chiqindilarni saralash va qayta ishlash infratuzilmasini yangilashga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 6 dekabr holatiga chiqindi tashish xizmatlaridan qarzi mavjud qariyb 205 ming abonentning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklangan edi.
D.To‘xtayev tayyorladi.