Ma’naviyatli jamiyatda adolat ustun bo‘ladi

Ma’naviyat — bu insonning ichki dunyosi, uning axloqi, odobi, fikrlashi va hayotga bo‘lgan munosabati. Insonning kimligi, qanday yashashi va jamiyatda qanday o‘rin egallashi, avvalo, uning ma’naviyatiga bog‘liq. Boylik, mansab yoki tashqi ko‘rinish vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, ammo ma’naviyat inson bilan doim birga.

U insonni yaxshilikka undaydi, yomonlikdan qaytaradi. Ma’naviy yetuk inson halol mehnat qiladi, yolg‘on gapirmaydi, boshqalarning haq-huquqini hurmat qiladi, so‘zida turadi, muhimi, har bir ishni vijdon bilan bajaradi.

Bunday fazilatlarning shakllanishida esa shubhasiz, oilaning muhim o‘rni bor. Chunki bola ilk tarbiyani oilada oladi. Ota-onaning muomalasi, gap-so‘zi, xulqi farzandning kelajakdagi fe’l-atvoriga katta ta’sir ko‘rsatadi. Agar oilada hurmat, mehr-oqibat va halollik ustuvor bo‘lsa, bola ham shu ruhda voyaga yetadi.

Undan keyin maktabgacha ta’lim tashkiloti va maktab ma’naviyatni rivojlantiruvchi asosiy maskanlardan biri hisoblanadi. Ustozlar nafaqat bilim beradi, balki o‘quvchilarga odob-axloq, vatanparvarlik, intizom va mas’uliyatni ham o‘rgatadi. Dars jarayonlari, tarbiyaviy soatlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytiradi.

Kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish ham ma’naviyatni yanada boyitadi. Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan urf-odatlar, an’analar, buyuk allomalarimizning asarlari biz uchun ma’naviy xazinadir. Zero, mutafakkirlarimiz o‘z asarlarida insoniylik, ilm va odobni ulug‘lagan.

Bugungi globallashgan davrda yoshlarimiz ongini turli yot g‘oyalar egallashi xavfi yuqori. Shuning uchun ma’naviyatni mustahkamlash har qachongidan ham muhimdir. To‘g‘ri tarbiya, sog‘lom muhit va ma’naviy bilimlar yoshlarni bu kabi zararli ta’sirlardan himoya qiladi.

Ma’naviyatli jamiyatda odamlar bir-biriga mehribon bo‘ladi, qonun va qoidalarga amal qiladi, adolat va tinchlik ustuvor bo‘ladi. Chunki ma’naviyat iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning mustahkam poydevori.

Xulosa qilib aytganda, ma’naviyat inson qalbining boyligi, jamiyatning tayanchi va kelajak avlod tarbiyasi asosi.

O‘tkir TIRKAShEV,

Oqdaryo tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.