Samarqandda 18 kishi is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan. Oqdaryoda gaz ballon nega portlagan?

O‘tgan yili is gazi bilan bog‘liq yetti holatda 18 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan.  2020 yilda ham qariyb shunday raqamlar qayd etilgan.

Bu ma’lumotlar viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Ismoilov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Zaharlanishga sabab nima?

Qayd etilishicha, aksariyat hollarda isitish qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida turli ko‘ngilsizliklar yuz bermoqda.

Masalan, qishloq joylarda uylarni isitish uchun o‘tin yoki ko‘mir yoqilg‘isi ishlatiladi. Biroq oddiy mo‘rikonlarni tozalash singari texnik talablar bajrilmaydi.

Shuningdek, aslida pishiq yoki ovqat tayyorlash uchun mo‘ljallangan gaz pechlari uylarni isitish uchun uzluksiz yoqib qo‘yiladi.

Aslida 2021 yildagi is gazi bilan bog‘liq o‘lim holatlari ham ayni shu jarayonda yuzaga kelgan. Ya’ni, aksariyat holatlarda pechlar yoniq holda nazoratsiz qoldirilgan. Oqibatda is gazi tufayli yil davomida 18 kishi bevaqt ko‘z yumgan.

Muammoga yechim bormi?

Aslida birinchi navbatda har bir inson muammoga teran nigoh bilan qarasa, ya’ni ongli ravishda nosoz isitish vositalaridan foydalanmasa hamda tegishli texnik talablarga rioya qilsa kifoya.

Taassufki, viloyatdagi 779 ming xonadonning har biriga kirib-chiqish yoki ular bilan individual suhbat va profilaktik tadbir o‘tkazishga favqulodda vaziyatlar boshqarmasining imkoniyati yetmaydi.

Is gazi faqat aholining o‘ziga bog‘liqmi?

Albatta, zaharlanish qayd etilmasligida texnik talablar birlamchi. Ammo bunda FVB bilan birga boshqa mutasaddilar, xususan, jamoatchilik faollari va OAVning ham o‘rni bo‘lishi kerak.

Qayd etilishicha, ko‘p qavatli uylarda har mavsum oldidan gazga moslashtirilgan qurilmalar zarur ko‘rikdan o‘tkazilish shart. Biroq bu vazifa gazta’minot korxonasi mutaxassislari tomonidan to‘liq bajarilyapti, deb bo‘lmaydi.

Shuningdek, gazlashmagan hududlarda tarqatilayotgan ballonlar tegishli standartlarga javob berishi, belgilangan muddat davomidagina foydalanilishi kerakligini ko‘pchilik bilmaydi.

Tabiiyki, bu o‘rinda soha xodimlari bilan birga faollar va OAV tushuntirish-targ‘ibot, o‘z navbatida nazorat tadbirlarini o‘tkazishi lozim.

Bilishimiz, nazorat qilishimiz shartmi?

Mutaxassislarning qayd etishicha, bugungi kunda iste’mol bozorida uyda is gazi paydo bo‘lishi bilan jo‘mrakni berkituvchi qurilmalar sotuvga qo‘yilgan.

Ammo ko‘pchilik bu masalaga beparvo qaraydi. Vaholanki, rivojlangan davlatlarda ham ehtimol shart bunday qurilmadan foydalaniladi.

Mutaxassislar bu borada jamoatchilik nazorati ham muhim ekanligini alohida ta’kidladi. Negaki, birgina aholiga suyultirilgan gaz ballonlari sifati va ularga qay tartibda quyilayotganini muntazam o‘rganib borishga davlatning kuch va imkoniyati yetarli emas.

Qolaversa, tadbirkorlik sub’yektlarida o‘rganish yoki monitoring tadbirlarini doim ham tashkil qilib bo‘lmaydi. Bunday yengillik oqibatida ayrim tadbirkorlar tegishli tartibga rioya qilmasligi kuzatilyapti. Oqdaryo tumanida qayd etilgan gaz balloni portlashi ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Yoqubjon Marqayev.