Yuz nafardan ortiq fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Shu kunlarda respublikamizda qandli diabetga qarshi kurash oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali jamoasi joylarda profilaktik ishlarni olib boryapti. Navbatdagi skrining tadbirlari Samarqand shahrida 40 yoshdan oshgan aholining salomatligini erta nazoratdan o‘tkazish, kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish maqsadida o‘tkazildi.
- Diabetgan qarshi kurash oyligining navbatdagi skrining tekshiruvlarida yuzdan ortiq fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, - deydi filial bosh shifokori G.Negmatova. – 4 nafar fuqaroda 2-tur qandli diabet, 6 nafar fuqaroda semizlik aniqlandi. Xodimlarimiz tomonidan ularga sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, doimiy laborator tekshiruvlardan o‘tish hamda davolanish uchush zarur tibbiy tavsiyalar berildi.
Qandli diabetga qarshi kurash oyligi doirasida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar aholi sog‘ligini mustahkamlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda o‘z vaqtida davolashga xizmat qilmoqda.