Aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatishda muammo yo‘qmi?
Viloyatda 2017 yilda optimizatsiya bo‘lgan 17 ta OP va OShPlar aholining ehtiyojidan kelib chiqib qayta tashkil etilgan.
Bu borada hududiy hokimlarning qarori chiqarilgan, biroq moliya organlari tomonidan oila shifokori, hamshira va farrosh kabi 197,5 ta shtat ajratilmagan. Mazkur masala viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilingan.
Ta’kidlanishicha, davlat rahbarining 2022 yildagi qaroriga asosan olis va chekka hududlarda konteynerlardan foydalanib, 255 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilgan. Ushbu tibbiyot punktlari mahalliy hokimliklar tomonidan uzluksiz elektr energiya, toza ichimlik suv va kanalizatsiya bilan ta’minlanishi lozim edi.
Biroq o‘rganishlarda tibbiyot punktlarining 81 tasining infratuzilmasida turli kamchiliklar aniqlangan.
Misol uchun, Toyloq va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 16 tadan, Payariqda 15 ta, Oqdaryoda 11 ta, Bulung‘ur va Qo‘shrabotda 5 tadan, Nurobodda 4 ta, Urgutda 3 ta, Paxtachida 2 ta, Narpay va Ishtixon tumanlarida bittadan mahalla tibbiyot punktlarida muammolar mavjud.
Shu bilan birga mahalliy hokimliklar tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalarida aholiga sifatli patronaj xizmatini amalga oshirish uchun tibbiy asbob-uskunalarini doimiy ravishda yangilab borish belgilangan.
Ushbu yo‘nalishda o‘tkazilgan o‘rganishlarda ham bir qator kamchiliklar mavjudligi kuzatilgan. Misol uchun, bugungi kunda viloyat bo‘yicha hamshiralar 67,7 foiz (2503 ta) patronaj sumkalar ta’minlangan.
Eng past ko‘rsatkichlar Kattaqo‘rg‘on tumanida (24 foiz), Urgut va Jomboy (46 foiz)dan, Bulung‘urda (55,9 foiz)ni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari hozirgi vaqtda tuman va shahar tibbiyot birlashmalaridagi mavjud 6870 ta tibbiy asbob-uskunalarning 740 (10,7 foiz) tasi umuman yaroqsiz.
Jumladan, Jomboyda 330 tadan 110 (33 foiz)tasi, Nurobodda 366 tadan 108 (29 foiz) tasi, Urgutda 416 tadan 105 (25 foiz)tasi, Narpayda 681 ta dan 102 (15 foiz)tasi yaroqsiz yoki ta’mirtalab ahvolda. Achinarlisi, ushbu jihozlarni ta’mirlash bo‘yicha mablag‘ masalasi hal etilmagan.