Tez tibbiy yordamdagi “Damas” va boshqa eskirgan ulovlar o‘rniga zamonaviy mashinalar beriladi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 2022–2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi.

Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi. Barcha tez yordam transportlari navigatsiya tizimiga ulanadi.

Bu maqsadlar uchun tez tibbiy yordamga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larni ochiq-oshkora sarflash tizimini yaratish, iqtisod qilingan mablag‘larni transport parkini yangilashga yo‘naltirish zarur.

Natijada kelgusi 3 yilda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi. Bu orqali chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqaradi.

“O‘zavtosanoat” oldiga joriy yilda olib berilishi lozim bo‘lgan mashinalarni o‘z vaqtida ishlab chiqarib, yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.